Qozog`iston Ukrainadagi elchixonasini evakuasiya qilishni ko`rib chiqmoqda. Bu haqda "Zamon.uz" mamlakat TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarovga tayanib ma`lum qildi.
Diplomatning so`zlariga ko`ra, bu masala yaqin kunlarda ko`rib chiqiladi. Shu bilan birga bu elchixonaning yopilishini anglatmaydi. Diplomatik personalning qaysi shaharga ko`chirilishi masalasi ochiqlanmagan.
“Elchixona ishlamoqda. Gap uni yopish haqida emas, balki elchixona xodimlarini evakuasiya qilish haqida ketmoqda. Katta ehtimol bilan to`liq evakuasiya bo`ladi”, — degan u.
10 oktyabr kuni Qozog`iston o`z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirgandi. Bu Rossiyaning raketa zarbalari fonida yuz berdi.
Eslatib o`tamiz, bugun – 11 oktyabr kuni O`zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ham vatandoshlarni mamlakatni tark etishga chaqirdi.






