Narpay tuman adliya bo`limiga tumanning “Ahillik” mahallasida yashovchi fuqaro S.X murojaat qilib, ishdan bo`shatish nafaqasini undirishda yordam so`ragan. Bu haqda Samarqand viloyat adliya boshqarmasiJamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro Narpay tuman mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limida bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelgan va 2022 yilning 27 aprelida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Biroq fuqaroga ishdan bo`shatish nafaqasi to`lab berilmagan.
Adliya bo`limi murojaat yuzasidan o`rganish ishlarini olib bordi. Aniqlanishicha, S.X. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Samarqand viloyat mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash boshqarmasining joriy yil 29 apreldagi 163-son buyrug`iga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 2-bandiga asosan bekor qilingan. Ammo mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan fuqaroga ishdan bo`shatish nafaqasi to`lab berilmagan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 109-moddasi birinchi qismiga binoan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan, taraflar ixtiyoriga bog`liq bo`lmagan, xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda, ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yo`l qo`yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo`lmasa va u ishni davom ettirishga to`sqinlik qiladigan hollarda bekor qilinganda ishdan bo`shatish nafaqasi to`lanadi. Ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar xodimning aybi bilan buzilgan hollar bunda inobatga olinmaydi.
Agar xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinsa, xodimga o`rtacha oylik ish haqidan kam bo`lmagan miqdorda ishdan bo`shatish nafaqasi to`lanadi.
Yuqoridagilarga asosan Narpay tuman adliya bo`limi tomonidan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limiga taqdmnoma kiritilib, S.X.ga mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan o`rtacha oylik ish haqidan kam bo`lmagan miqdorda jami 2 625 550 so`m ishdan bo`shatish nafaqasi to`lab berishilishi ta`minlandi.
06.10.2022 12:47
Narpay tuman adliya bo`limi ishdan bo`shatilgan fuqaroning nafaqasini undirib berdi






