Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi tug`uruqxona tasvirlangan video tarqalgani haqida xabar bergandik.
Videoda tug`uruq jarayonini o`tkazgan 15 nafarga yaqin ayol va bolalar bir xonada yotganini ko`rish mumkin. Bu holat yuzasidan Namangan viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi rasmiy bayonot bilan chiqqan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qilishicha, ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida onalar va bolalar salomatligini ta`minlashga mas`ul tibbiyot muassasalari faoliyati tanqidiy o`rganilmoqda.
Xususan, dastlabki tahlillarga ko`ra, 50 o`rinli Chortoq tuman tug`uruq bo`limida shu yilning o`tgan 9 oyida 3700 nafardan ortiq homilador ayol farzandli bo`lgan. Muassasada joriy yil sentyabr oyiga qadar kuniga o`rtacha 13 ta tug`uruq amalga oshirilgan bo`lib, bu davr oralig`ida shifoxonaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi deyarli kuzatilmagan.
Biroq sentyabr oyida kunlik tug`ilishlar soni o`rtacha 20 taga ortib ketgani bois, shifoxonada o`rin-joylar etishmovchiligi yuzaga kelgan.
Ammo tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan mazkur masalani hal etish bo`yicha o`z vaqtida kerakli chora-tadbirlar ko`rilmagan. Oqibatda ushbu tug`uruq bo`limidagi palatalarda o`rin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan.
"Ya`ni samarasiz ishlayotgan stasionar o`rinlar hisobiga homilador ayollar uchun qo`shimcha o`rin-joylar yaratish imkoniyati mavjud bo`la turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan.
Ana shularni inobatga olgan holda, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`ygan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Mo`minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
O`z navbatida, yuzaga kelgan muammoli vaziyatni tezkor bartaraf etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasidagi samarasiz ishlayotgan stasionar o`rinlar hisobidan tug`uruq bo`limi uchun qo`shimcha yana 20 ta, jami 70 ta o`rin-joy ajratildi.
Sog`liqni saqlash vaziri rahbarligida o`tkaziladigan tanqidiy yig`ilishda yuqorida qayd etilgan ushbu holat misolida mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga doir muammoli masalalar hamda ularning amaliy echimlari muhokama etiladi", – deyiladi vazirlik xabarida.






