AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o`tkazdi

'Shavkat Mirziyoev  Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o`tkazdi.

Uchrashuv avvalida Aleksandr Lukashenko Prezidentimizga taklif uchun tashakkur izhor etdi hamda Belarus Respublikasini ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga qabul qilish jarayonini boshlash masalasini qo`llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, ko`p qirrali amaliy sheriklikni izchil kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston-Belarus munosabatlari do`stlik va sheriklik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta`kidladi.

O`zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashgan. Tovar ayirboshlash o`tgan yilda 44 foizga, joriy yilning etti oyida esa yana 12 foizga oshdi.

Tomonlar ikki mamlakatda savdo uylari va logistika markazlari tarmog`ini kengaytirish, oziq-ovqatni tezlashtirilgan tarzda etkazib berish bo`yicha “Agroekspress” loyihasini ishga tushirish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish bo`yicha elektron tizimni joriy qilishga kelishib oldilar.

O`zbekiston va Belarus etakchilari mashinasozlik, agrosanoat, kimyo, farmasevtika va elektrotexnika tarmoqlarida sanoat kooperasiyasi bo`yicha o`ziro manfaatli sheriklikni ilgari surish zarurligini qayd etdilar.

Mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta`kidlandi. Davlatimiz rahbari O`zbekistonda ikkinchi Hududlararo forumni o`tkazishni taklif etdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar yo`nalishda, birinchi navbatda, ta`lim va kinematografiya sohalaridagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Boshqa yangiliklar