O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlatimiz rahbari do`st Pokiston Bosh vazirini yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, Samarqanddagi ShHT sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Shahboz Sharif samimiy qabul hamda Pokistondagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga ko`rsatilgan insonparvarlik yordami uchun O`zbekistonga tashakkur izhor etdi. Pokiston mamlakatimiz bilan ko`p qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
Etakchilar ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil ko`rib chiqdilar.
O`zaro savdo ko`rsatkichlari o`sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`tgan yilda ular 47 foizga, joriy yil boshidan yana 10 foizga oshdi. Qo`shma korxonalar soni 200 taga etdi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Transafg`on temir yo`li loyihasini tezlashtirish, savdo uchun to`siqlarni bartaraf etish, tovarlarni o`zaro etkazib berish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv ochiq, samimiy va do`stona ruhda o`tdi.






