Shu kunlarda O`zbekiston, Sharq gavhari Samarqand dunyo nigohi markazida bo`ladi. Bu erda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo`lib o`tadi, Evroosiyodek ulkan mintaqaning muhim davlatlari rahbarlari so`nggi uch yilda birinchi marta bir joyga to`planadi.
Yuksak darajadagi tadbirda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Eron, Turkiya kabi jahon va mintaqa etakchi davlatlarining oliy vakillari ishtirok etishi uni g`oyat katta siyosiy voqeaga aylantiradi.
15 ta davlat va hukumat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot etakchilari ko`hna va hamisha navqiron Samarqandda to`planadi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ShHT sammitida ishtirok etish bilan bir paytda O`zbekistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda. Ishtirokchilarning bunday vakillik tarkibi O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va salmog`i ortib borayotganidan dalolat beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`zining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o`zaro bog`liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida ta`kidlaganidek, O`zbekistonning mazkur birlashmadagi raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o`ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to`g`ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga etmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo`lgan yangi bir davr boshlanmoqda.
Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi xavfli siljishlar sharoitida Samarqand sammitining ahamiyati yanada ortib bormoqda, unda tashkilot rivojlanishining istiqboldagi omillarini belgilab beradigan asosiy qarorlar va kelishuvlar qabul qilinadi. ShHT ko`p qirrali hamkorlik g`oyalarini ilgari suruvchi, hech qanday geosiyosiy maqsadlarni ko`zlamagan, hech bir davlatga qarshi sa`y-harakatlarni amalga oshirmaydigan tashkilotdir. Ushbu tamoyillar uning nizomida aniq ko`rsatilgan va tashkilotning butun tarixi ushbu qoidalarga qat`iy rioya qilinayotganini isbotlaydi.
ShHT davlat rahbarlari yig`ilishi o`tkaziladigan joy sifatida Samarqand shahri tanlanishining o`ziga xos ramziyligi bor. Ushbu muqaddas zamin azaldan tarixiy uchrashuvlar va sivilizasiyalar muloqoti maskani, madaniy-gumanitar o`zaro boyitish va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo`shnichilikni mustahkamlash ko`prigi bo`lib kelgani hech kimga sir emas.
Er yuzining sayqali faqatgina so`nggi yillarda bir qancha yirik forumlarga mezbonlik qildi. Shahar sezilarli darajada o`zgardi, keng ko`lamli rekonstruksiya ishlari olib borildi, Samarqand turistik brendining ahamiyati ortib bormoqda.
Markaziy Osiyo keyingi yillarda ShHTning “geografik yadrosi” maqomini mustahkamlab oldi. A`zo davlatlar orasida ushbu mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanishni ta`minlash muhim vazifa bo`lib qolayotgani ahamiyatlidir. Shu nuqtai nazardan, tashkilotdagi markaziy mintaqaning geografik markaziy davlati hisoblanmish O`zbekiston markazidagi shahar tarixiy sammit mezboni sifatida ko`p yillar tilga olinishi shubhasiz.
2017 yildan beri mintaqamizda O`zbekiston rahbariyatinig sa`y-harakatlari tufayli paydo bo`lgan yangi muhit, davlatlar o`rtasida vujudga kelgan tom ma`nodagi yaxshi qo`shnichilik va hamkorlik ruhi ShHT tomonidan amalda qo`llab-quvvatlanmoqda. Mazkur holat ham Samarqandda bo`lib o`tayotgan oliy darajadagi tadbir ahamiyatini yanada oshirganining guvohi bo`lyapmiz.
Mamlakatimizning tashkilotda raisligi davomida hech mubolag`asiz salmoqli yutuqlarga erishildi, hamkorlikning yangi yo`nalishlari boshlandi. Masalan, belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish doirasida bugungi kunga qadar 80 ga yaqin tadbir muvaffaqiyatli o`tkazildi. Shundan 30 tasi tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida bo`lib, ulardan to`rttasi, jumladan, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish, kambag`allikni qisqartirish, fan va texnologiya, giyohvandlikka qarshi kurash kabi sohalarda mutasaddilar yig`ilishlari O`zbekiston tomoni tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida ShHT Milliy koordinatorlar kengashi yig`ilishlarini o`tkazishning samarali amaliyotini joriy qilindi. Bunday tadbirlar, xususan, Nukus, Toshkent, Buxoro, Farg`onada bo`lib o`tdi.
O`zbekiston tashabbusi bilan joriy yilning iyun oyida birinchi marta ShHT doirasida a`zo davlatlar yoshlari o`rtasida eng yaxshi startap loyihasi tanlovi va kibersport bo`yicha chempionat tashkil etildi. Joriy yilning 6 sentyabrida esa ShHTning axborot xavfsizligi bo`yicha birinchi ilmiy-ekspert forumi muvaffaqiyatli o`tkazildi.
14-17 sentyabr kunlari bo`lib o`tadigan sammitda tashkilotning 21 yillik tarixida ilk bora uning faoliyatini takomillashtirish bo`yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Birlashma isloh qilinadi, uning ishida yangi sahifa ochiladi. Tashkilot taraqqiyotining keyingi bochqichi boshlanishi bilan bir qatorda unga yangi a`zolar qabul qilinishi ko`zda tutilgan. Eng muhimi, bu voqealar tarixda Samarqand nomi bilan uzviy bog`lanib qoladi.
Bilamizki, bu muhtasham shahar asrlar davomida Sharq va G`arb, Shimol va Janub o`rtasida o`ziga xos ko`prik vazifasini bajargan. Mazkur missiya 21-asrda ham muvaffaqiyat bilan davom ettirilayotgani xalqimizga o`zgacha g`urur bag`ishlaydi.
Odiljon Tojiev
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari






