Dunyoda yurak-qon tomir kasalliklaridan o`lim ko`rsatkichlari yuqori. Shunga qaramay, zamonaviy tibbiyot yutuqlari, yangidan-yangi muolaja usullari og`ir holatlarda ham inson hayotini saqlab qolish, umrini uzaytirish imkonini bermoqda.
Xususan, keyingi olti yilda O`zbekistonda kardioxirurgiya sohasida juda katta o`zgarishlar bo`ldi. Aorta-koronar shuntlash, yurak klapanlarini almashtirish, orttirilgan va tug`ma yurak nuqsonlari kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda o`zimizda muvaffaqiyatli o`tkazilmoqda.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Farg`ona filialida poytaxtdan kelgan etakchi kardioxirurglar bilan bajarilgan shunday operasiya natijasida 37 yoshli bemor I.Mahmudovning hayoti saqlab qolindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lumki, yurak klapanlari yaxshi ishlamasligi nafas qisishi, charchoq, ko`krak qafasida kuchli og`riq va yurak etishmovchiligi kabi belgilar bilan namoyon bo`ladi.
Farg`ona viloyatining Qo`shtepa tumanida yashovchi bemor xuddi shunday alomatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Chuqur tekshiruvlardan so`ng unda aniqlangan asoratlarni yuqori texnologik operasiya yordamida bartaraf etish tavsiya etildi.
Natijada Farg`onada ilk bor aorta klapanini protezlash amaliyoti o`tkazildi. Mahalliy sharoitda bajarilgan ushbu operasiyada mamlakatimizda sanoqli bo`lgan “Shtokkert” sun`iy qon aylantirish apparatidan foydalanildi. Mazkur texnologiya amaliyot chog`ida bemor yuragi to`xtatilgach, sun`iy yurak vazifasini bajardi.
Hozir bemorning ahvoli yaxshi. Tegishli tibbiy muolajalar davo ettirilmoqda.
07.09.2022 11:29
Farg`onada ilk bor to`xtab turgan yurakda aorta klapanini protezlash amaliyoti o`tkazildi






