Samarqand viloyati Ishtixon tumanida YPX xodimlari tomonidan mol o`g`risi ushlandi. Bu haqda IIV YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 27 avgust kuni Ishtixon tumani hududidan o`tuvchi M-37 avtomobil yo`lining 45-kilometrida harakatlanib kelayotgan «Nexia» rusumli avtomobil YPX xodimi B.Hayitovda shubha uyg`otgan va oldinda xizmat olib borayotgan hamkasblariga maxsus aloqa vositasi orqali ma`lum qilib, ushbu avtomobilni to`xtatish choralari ko`rilishini so`ragan.
Ko`rilgan choralar natijasida avtomobil to`xtatilgan. Tekshiruv davomida avtomobil salonida bir bosh qoramol borligi va u o`g`irlab ketilayotgani ma`lum bo`lgan.
"Ikkita o`rtog`im bilan kelishgan holda Kattaqo`rg`on tumaniga bordik. Mahallaning chetida turgan qoramolni o`g`irlab, salonga ortdik. Samarqandga sotish maqsadida ketayotganimizda, YPX bilib qoldi. Hujjatlarimizni so`rab, mashinani chetga olishimizni so`raganida, qochib ketdik", — deydi gumonlanuvchi.
Holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Transport vositasi esa vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan.






