Sal avval O`zbekiston suv toshqinlari sabab 1000 dan ortiq odam yo`qotgan Pokistonga insonparvarlik yordami jo`natganini ma`lum qilgandik.
Ayni damda berilgan xabarga ko`ra, O`zbekiston tomonidan davomli musson yomg`irlari va suv toshqinlaridan jabr ko`rgan qardosh Pokiston xalqiga yordam berish maqsadida yuborilgan insonparvarlik yuki bugun Islomobod aeroportiga etib keldi.
O`zbekiston harbiy havo kuchlari maxsus samolyoti oziq-ovqat va trikotaj mahsulotlari, boshqa tovarlardan tashkil etilgan 40 tonnaga yaqin beg`araz yordamni etkazib berishgan. Ushbu mahsulotlar tabiiy ofatdan eng ko`p zarar ko`rgan hududlarga yuborilishi aytiladi.
Qayd etilishicha, Islomobod xalqaro aeroportida yukni Pokiston fan va texnologiyalar federal vaziri Aga Hasan Baloch ushbu mamlakat hukumati nomidan qabul qilib oldi.
"Bugun biz uchun shunday sinovli va murakkab bo`lgan kunlarda birinchilardan bo`lib yordam qo`lini cho`zgan o`zbek qardoshlarimizning samimiy hamdardlik tuyg`ulariga guvoh bo`lyapmiz.
Pokiston hukumati va xalqi qardosh O`zbekiston rahbariyati va xalqining saxovatini yuksak qadrlaydi" , - dedi vazir.
Shuningdek, Pokiston tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo`yicha departamenti bosh direktori Shoh Faysal Kakar ham o`z minnatdorchiligini bildirgan.






