AsosiyJamiyat

Ayolning eri tomonidan pichoqlab o`ldirilishiga uchastkavoyning beparvoligi sabab bo`lgani aytilmoqda

'Ayolning eri tomonidan pichoqlab o`ldirilishiga uchastkavoyning beparvoligi sabab bo`lgani aytilmoqda'ning rasmi

​​Ijtimoiy tarmoqlarda Quyi Chirchiq tumanida er rashk sabab xotinini xususiy uy bog`chasidagi bolalar ko`z o`ngida bo`g`ib, urganligi haqida videolavha tarqalgani, bu holatga MTVning bildirgan munosabati va keyinchalik ushbu ayol eri tomonidan pichoqlab o`ldirilgani haqida xabar bergan edik. 

Mazkur holatlar yuzasidan Prokuratura bergan rasmiy ma`lumotga ko`ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o`ldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Kun.uzning jurnalisa`lum bo`lishicha,  qizi kaltaklanganidan so`ng ota uchastka inspektoriga borib arz qilgan. 3 soat kutganidan keyin Doston degan inspektor etib kelib, kuyovni qamashini, lekin hozir dalaga borishi kerakligini aytib ketib qolgan.  

Jinoyatchiga jazo muqarrarligi aniq, ammo bugun jamoatchilik faollarining bu kabi qotilliklarni yuzaga keltirayotgan sabablar xavotirga solmoqda.  

Nimaga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari erkakni o`z xotinini hammaning ko`z oldida do`pposlagan kuniyoq zararsizlantirmagan? 

" Ishonchim komiliki, agar erkak ayolga begona bo`lganida unga qarshi o`sha kunning o`zidayoq ish ochilgan bo`lardi, ammo ichki ishlar xodimlari erkak xotinini urishi kabi "arzimas holatni" "qadriyatlarimiz", "urf-odatlarimiz"ga bog`lab ,"yaxshi gumon" rejimini yoqib olgan bo`lishlari mumkin. Bunga qaysidir ma`noda hukumatning mahalla institutlari ham sababchi, zero ko`p marotaba ta`kidlaganimizdek, er-xotin o`rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish vazifasini olib, nafratning pik nuqtasiga etgan munosabatlarni qayta tiklashga harakat qilish mana shunday ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarishga sababchi bo`lmoqda. Bunga misollar qalashib yotibdi. Er-xotin o`zaro ajrashmoqchi bo`lsa, bunga hamma — davlat institutlaridan tortib, ularning oila a`zolarigacha aralashadi, biri boshqasi bilan yashashni istamaydigan odamni majburiy ravishda yarashtirishadi. Oqibatda pasayishi lozim bo`lgan agressiya to`lqinlari karrasiga oshadi va oiladagi zo`ravonlik yanada avjiga chiqadi.

O`zbekistonda ajrashishlarga qarshi kurashilishi emas, aksincha, ajrasholmasdan oilaviy zo`ravonliklardan aziyat chekib yashayotgan nozik xilqat vakillarini qutqarish bo`yicha ishlar olib borilishi lozim. Quyi chirchiqda fojiaviy tarzda o`lim topgan marhumaning hamkasblari ta`kidlashicha, qiz juda ko`p marta kaltaklangan holda ishga kelgan. Ammo bunga tabiiyki hech kim e`tibor qaratmagan. Oilada ayol o`zini xavf ostida bilib, ajrashmoqchi bo`lganda har doim kimdir oraga tushib, uni ruhiy nosog`lom psixopat erning o`yiga olib borib qo`yadi. Bizga mana shunday holatlar bilan shug`ullanuvchi maxsus guruhlar kerak", – deydi Fayzbog`.

 

Nazarimizda, ushbu qotillik ma`lum bir kasb egalariga funksional vazifasidan tashqari bo`lgan ishlarni yuklatilishi oqbatida yuza keladigan muammolarni yuzaga chiqardi.  

" So`nggi yillarda o`qituvchi va vrachlar daladan qaytdi, lekin prokuror va ichki ishlar qaytmadi.  

Sektorlarga bo`linib prokurorlar ham Ichki ishlar ham dalada nimaiki ishlar bo`lsa qilishyapti.  

Akalar o`zining operativ kamuflyaj formasini dalaga borganda kiyishyapti. Bu mutlaqo noto`g`ri tizim deb hisoblayman. Fermerlarga berilgan erkinlik ular g`allani o`zlari himoya qilishiga, yaxshi bozor narxida puli berilsa uyidagi podvalga g`amlamay o`zi opkelib davlatga sotishiga olib keladi.  

Hammaga o`z ishini qilishga qo`yib berish kerak. Funksional vazifasidan tashqari bo`lgan ishlar xodimlarda kasbga nisbatan motivasiyani tushuradi, bora bora 57 bal olganlar bilan tizim to`lib ketadi. Aqlli bollar bu sohalardan qochadi va uzoq perspektivada jinoyatskiy jamiyatga aylanishimizga olib keladi.  

Ularni o`z ishlarini qilishga qaytaraylik!", – deydi Alimoff.

 

Bloger va tadbirkor Firuz Allaev bu kabi zo`ronvonliklarning yuzaga kelishini O`zbekistonda hali hanuz ayollar va erkaklar maoshlari o`rtasida sezilarli farq mavjud va ayolning karera qilish imkoniyati erkaklarnikidan ancha pastligida ko`radi.

Buni bartaraf etuvchi quyidagi 4 ta harakatlar taqdim etadi.

1. Ayollar ta`limiga e`tiborni kuchaytirish. Qizlarga o`zlarining fundamental huquqlarini tushuntirish, jismoniy yoki jinsiy zo`ravonlikka qarshi qanday kurashish haqida ma`lumotlarni berish.

2. Ayollar huquqlari bo`yicha fuqarolarning o`zlari tomonidan tuzilgan nodavlat notijorat tashkilotlarni qo`llab-quvvatlash. Fuqarolik jamiyatini e`tiborini muammoga qaratish.

3. Majburiy turmushga berish holatlariga qarshi kurashish. Oilani qutqarib qolaman deb mahalla tomonidan ajrashishlarga qarshilik qilishni to`xtatish.

4. Majburiy mehnat va mehnat migrasiyasiga qarshi kurashish. 

"Kuchli ayolsiz kuchli jamiyat qurolmaymiz. Chunki kuchli jamiyatni ayol tarbiyalaydi. Farzandlarimiz baxtli, bilimli, keng dunyoqarashga ega bo`lib katta bo`lishlarini xohlasak, bizga kuchli ayollar kerak.

Bu sohada ishlar yillar davomida olib borilishi kerak. Ayollarni ehtimoliy jinoyatchi sifatida ro`yxatlarga qo`shish yoki ularga Zulfiya she`rlarini eshittirish kabi holatlar muammoga hech qanday echim bermaydi. Aksincha, bu mavzuga jiddiy qaramasak, yildan yilga vaziyat og`irlashib boradi", - deydi  Firuz Allaev.

 

Shahnoza Soatova O`zbekistonda zo`ravonlikka qarshi kurashayotgan tizimdan quyida savollarga javoblarni ochiqlanishini so`ramoqda:

Bog`chada murg`aklar ko`z oldida sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavfi etarli baholandimi? 

Shunga mos ehtiyot choralari ko`rildimi? 

Aynan nima choralar ko`rildi? 

Agar etarli choralar ko`rilgan bo`lsa, unda nega bu fojia sodir bo`ldi? 

Ushbu fojianing oldini olish mumkinmi edi? 

"Zo`ravonlikka qarshi kurash va zo`ravonlikdan himoya tizimimiz yana bir tanqidiy tahlil qilib chiqilishi kerak.

Ilgari bunday holatlar umuman bo`lmagan deyolmaymiz, dahshatliroqlari bo`lgandir balki. Ammo axborot asrimiz va gadjetlar bizga fojialarni butun tafsilotlari orqali insoniy qiyofada yaqqol ko`rsatyapti. Biz endi statistika, raqamlar, xabarlarni emas, fojialarning ovozini eshityapmiz, yuzini ko`ryapmiz, qurbonlarning holatini his qilyapmiz. Endi jamiyat bunday fojialardan ta`sirlanaveradi, o`tkir savollarni qo`yaveradi.  

Bu bir oilaning fojiasi emas, bu hammamizning dardimiz...", deb shaxsiy fikrlarini bayon etgan bloger.

    Boshqa yangiliklar