AsosiyJamiyat

Uyi majburiy "snos"ga tushgan keleslik fuqaro bo`yicha munosabat bildirildi (video)

'Uyi majburiy "snos"ga tushgan keleslik fuqaro bo`yicha munosabat bildirildi (video)'ning rasmi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda uyi majburiy "snos"ga tushgan fuqaroning noroziligi aks etgan video tarqaldi. 

Ayni vaqtda Toshkent shahar hokimligi bergan ma`lumotga ko`ra, aslida ular bilan bir necha marotaba kelishuvga erishishga harakat qilingan.

Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo`yicha Zangiota tumanlararo sudining 2022 yil 13 iyun kuni o`tkazilgan sud jarayoni yakuniga ko`ra, mazkur xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro Baxtiyor To`xtamurodovga tegishli bo`lgan 400 kv.m. er maydonida joylashgan bino 702 million 26 ming so`m miqdoridagi kompensasiya to`lash sharti bilan mulkdor hisobidan buzilishi belgilangan.

Sudgacha bo`lgan tartibda, ushbu xonadon egalarini rozi qilish maqsadida buzilishga investorlar jalb qilinib, ular tomonidan 880 million so`m va 1 ta 3 xonali ko`p kvartirali uy, jami 1 milliard 265 million so`m pul, kompensasiya miqdoridan 563 million so`m ortiqcha pul mablag`lari taklif qilingan. Biroq, fuqaro taklif qilinayotgan pul mablag`lariga rozi bo`lmagan va hokimlik tomonidan uy-joyni yo`l uchun kerak bo`lgan 2-3 metr qismini buzish bo`yicha sudga da`vo arizasi kiritilgan.

"Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son Qarori bilan tasdiqlangan “Er uchastkalarini olib qo`yilishi va olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 43-bandiga ko`ra, er uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilganda, kompensasiya hokimliklar tomonidan tegishli markazlashtirilgan jamg`arma mablag`lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga to`lanadi.

Mazkur Nizomning 47-bandiga ko`ra, olib qo`yilishi rejalashtirilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlarning 75 foizidan yozma roziligi olinganida (kelishuv tuzilganda), biroq boshqa mulkdorlarning roziligini olish imkoni bo`lmaganda (kelishuvga erishilmaganda) tashabbuskor ularning ko`chmas mulk ob`ektlarini majburiy sotib olish to`g`risidagi da`vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Bunda, rozilik bermagan (kelishuvga erishilmagan) mulkdorlarga beriladigan kompensasiya miqdori, turlari va muddati sud tartibida belgilanadi.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Zangiota tumanlararo sudining 2022 yil 13 iyun kunidagi hal qiluv qaroriga asosan ish yuritayotgan MIB Toshkent tuman bo`limi xodimiga nisbatan Fayziobod mahallasi, Keles yo`li ko`chasi 3A uyda istiqomat qiluvchi fuqaro va uning qarindosh-urug`lari tomonidan bosim o`tkazilgan va fuqarolar o`zlarini har ko`yga solib, norozilik uyushtirgan hamda videolarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan",-deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, hozirgi kunda mutasaddi rahbarlar fuqarolar rozi bo`lmagan taqdirda yo`l qismini kengaytirishga kerak bo`lgan uy-joylar buzilmasligini bildirib, Toshkent tumani markazining Bosh rejasiga o`zgartirish kiritish bo`yicha yuqori turuvchi instansiyalarga rasmiy xat bilan murojaat qilish chora-tadbirlarini amalga oshirmoqdalar.

Ma`lum qilinishicha, jami Keles yo`li ko`chasida 100dan ortiq xonadon buzilishga tushgan bo`lsa, shulardan bir nechtasigina mulk narxidan ancha yuqori bo`lgan katta pul miqdorini so`rayotganligi sababli ular bilan murosaga kelishning imkoni bo`lmayapti.

    Boshqa yangiliklar