Prezident Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorgi Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtiroki davom etmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qoraqalpog`istonda sanoat loyihalarini ko`paytirish maqsadida mutasaddilarga:
- Investorlarga ko`mak markazini tashkil etish, unda qoraqalpog`istonlik tadbirkorlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, subsidiya, kredit va kompensasiya olish, mahsulotiga bozor topishga ko`maklashish bo`yicha bepul xizmatlar ko`rsatish;
- Investorlarga ko`mak markazi qoshida Nukus shahridagi 10 gektar er maydonida Sanoat texnoparkini tashkil etish;
- Kegeyli va Xo`jayli tumanlarida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish;
- besh yil muddatga faqat Qoraqalpog`iston tadbirkorlariga eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sotib olingan xom ashyolarni, mamlakatimiz bo`ylab tashishda 70 foiz transport xarajatlarini qoplab berish tizimini yo`lga qo`yish va boshqa topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Qorao`zakda mis ishlab chiqarish, Qo`ng`irotda yangi kaustik soda va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarish zavodlarini qurish kabi yirik loyihalarni qo`llab-quvvatladi.
Shuningdek, Qoraqalpog`istonda xalqaro va ichki avtomobil yo`llarini rivojlantirish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqiladi
Qoraqalpog`istonda infratuzilmani rivojlantirishdagi muammolardan kelib chiqib, Prezident mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga:
- “G`uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo`lining To`rtko`l, Beruniy va Ellikqal`a tumanlaridan o`tgan qismini rekonstruksiya qilishga 160 million dollar jalb etish;
- ta`mirtalab bo`lgan 1 ming 500 kilometr suv tarmoqlari, 150 dan ziyod quduq, nasos va suv stansiyalarini ta`mirlash;
- Nukus shahri, Taxiatosh va Xo`jayli tumanlari markazlarida oqova suv tarmoqlarini qurish;
- 128 ta transformator, 7,5 mingta simyog`och ustunlarini almashtirish;
- Qoraqalpog`istonning har bir shahri va tumanida Ichki yo`llarni ta`mirlash uchastkalari tashkil etish, ularga etarli shtat, zarur mablag` va texnikalar ajratish;
- ikki oy muddatda Qoraqalpog`istonda xalqaro va ichki avtomobil yo`llarini rivojlantirish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqishga topshiriq berdi.






