AsosiyJamiyat

O`zbekistonda spinal mushak atrofiyasi bilan xastalanganlar bepul dori bilan ta`minlanmoqda

'O`zbekistonda spinal mushak atrofiyasi bilan xastalanganlar bepul dori bilan ta`minlanmoqda'ning rasmi

Shu kunlarda dunyo bo`ylab “Spinal mushak atrofiyasi bo`yicha xabardorlik oyligi” o`tkazilmoqda.  

Shu munosabat bilan Cog`liqni saqlash vazirligi bilan “SMA UMID” nodavlat-notijorat tashkiloti hamkorligida ushbu irsiy kasallikka chalingan bolalarga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ta`kidlanishicha, progressiv mushaklar kuchsizlashuvi rivojlanishi bilan tavsiflanuvchi spinal mushak atrofiyasi (SMA) hayot uchun xavfli genetik kasallik hisoblanadi.  

Xastalik nogironlikning og`ir shakli hamda harakat cheklanishi bilan bog`liq. Binobarin, u irsiy kasalliklar tufayli bolalar o`rtasida sodir bo`ladigan o`lim holatlarining eng keng tarqalgan omillaridan biridir.

Tadbirda ushbu kasallikka qarshi kurashda davlat darajasida qator ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi. Ma`lumki, SMAga chalingan barcha bemorlarning muolaja uchun zarur bo`lgan qimmat dori vositalarini xarid qilishga qurbi etmaydi. Shu bois Prezidentimizning shu yil aprel oyida imzolangan tegishli qaroriga muvofiq, 2022 yilda spinal mushak atrofiyasi kasalligiga chalingan bemorlarni dori vositalari bilan ta`minlash uchun davlat byudjetidan 115 milliard so`m ajratilishi belgilandi.

—  Ehtiyojmand fuqarolarimizga g`amxo`rlik ko`rsatish jamiyat va davlatning bag`rikengligi ifodasidir, — dedi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Basitxanova. — Ayni paytda O`zbekistonda 93 nafar SMA kasalligiga chalingan bemor mavjud. Mamlakat rahbarining tegishli qarori qabul qilingan vaqtda ro`yxatda turgan 76 nafar bemorni iyun oyidan boshlab dori vositalari bilan bepul ta`minlash bo`yicha davlat dasturi kuchga kirdi. Hujjat imzolangandan keyin yana 17 nafar bemor aniqlandi. Hademay ular ham spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega bo`lgan oilalarning Yagona milliy registriga kiritilib, davlat dasturidan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda U.Q.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab shifoxonasida bunday bemorlar uchun  yotoq-joylar ham ajratilgan.

    Boshqa yangiliklar