Bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`ldi. Unda deputatlar “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqishdi.
Ta`kidlanishicha, mazkur qonun loyihasi nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo`shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga etganda yoki boquvchisini yo`qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o`tmasa) I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo`shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun loyihasi bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo`lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.






