Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida O`zbekiston Interpoli tomonidan qidiruvda bo`lgan erkak qo`lga olindi. Bu haqda byuro matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yilning yozida u Telegram tarmog`ida guruh tuzgan va uning ishtirokchilarini ikki baravar daromad olishga qiziqtirib, firibgarlik yo`li bilan ularni plastik kartaga pul o`tkazishga ko`ndirgan. Shundan so`ng, o`zgalarning pullarini o`zlashtirib, qochib ketgan.
2022 yilning iyul oyida u Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan.
Axborot ta`minoti va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarning yashiringan joyi aniqlanib, tez orada Sankt-Peterburg shahrida qo`lga olingan.
Hozirda munosib jazoga tortilishi uchun sudga topshirish maqsadida O`zbekistonga ekstradisiya qilinishi kutilmoqda.






