AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va bozorlarda sotilayotgan armaturalarning sifati ekspertizadan o`tkazildi

'O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va bozorlarda sotilayotgan armaturalarning sifati ekspertizadan o`tkazildi'ning rasmi

Mamlakatimizda jadal  sur`atlarda qurilish ishlari olib borilmoqda.  Kun sayin yangi ko`p qavatli binolar qad rostlamoqda, ularning ishonchliligi, chidamliligi va uzoq yillarga xizmat qilishi  esa binoning mustahkamligiga bog`liq. Shu sababli ularni qurishda yuqori sifatli  qurilish materiallardan foydalanish zarur.  Albatta, qurilishda  jumladan metall prokati – armaturaning alohida ahamiyati bor.

Amalda sotuvda bo`lgan armaturalar sifati belgilangan standart va texnik shartlarga javob beradimi?

Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan armaturaning mexanik xususiyatlari va kimyoviy tarkibi sifatini aniqlash maqsadida ekspertiza o`tkazildi.

Sinov uchun “AKRIL metall prokati”,  “Wang Da Group” MChJ QK,  “WANGDA METAL” MChJ QK, “BAO XIN METALL” MChJga tegishli armaturalardan namunalar xarid qilingan. 

Tanlangan sinov namunalari akkreditasiyadan o`tgan laboratoriya mutaxassislari tomonidan “Temir-beton konstruksiyalari uchun armatura”, “Metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to`g`risida”gi umumiy texnik reglamenti uchun”, “Qurilishda ishlatiladigan qora metallardan metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to`g`risida”gi maxsus texnik reglamentning GOST 34028-2016 talablariga muvofiqligi tekshirilgan.

Kutilgan tahlil natijalari achinarli bo`lib, standart talablariga nomuvofiqligini ko`rsatdi. 

"Ya`ni Metall prokati – armatura namunalari mexanik hamda kimyoviy xossalari belgilangan me`yorlarga javob bermadi. Bunda ayniqsa, kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, qurilish maqsadlarida ishlatiladigan metall prokatida aniqlangan kamchiliklari ko`plab qurilish sifati va xavfsizligiga katta zarar etkazmoqda. Zero, quruvchilar tomonidan qad rostlagan  va foydalanishga topshirilgan  ko`p qavatli uy va inshootlar o`nlab yillar davomida mustahkam hamda xavfsiz maskan bo`lib xizmat qilishi kerak. Shuni ta`kidlash lozimki, ayrim hollarda korxonalar  o`z mahsulotlarini muvofiqlik sertifikatisiz sotayotgan holatlar ham bor.

Agentlik xavfsizlik va sifat talablariga javob bermaydigan armaturalarni sotishni taqiqlash masalasini ko`rib chiqish uchun O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga, shuningdek vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga tegishli ma`lumotlarni yubordi. Inspeksiya tomonidan yuqorida ko`rsatilgan talablarga javob bermaydigan metall buyumlardan qurilish ob`ektlarida foydalanishni taqiqlash to`g`risida buyruq chiqarildi. Agentlik  tomonidan bu yo`nalishdagi o`rganishlar davom ettirilmoqda", – deyiladi Agentlik xabarida.

 

    Boshqa yangiliklar