Prezident qaroriga ko`ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
“O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo`la beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o`n besh baravarigacha oshiriladi.
“O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
- ular uchun qulay bo`lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta`tiliga chiqish;
- shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo`nalishli va yo`nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
- davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo`llanmalarni navbatsiz olish.
Doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o`rtog`i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o`rtog`ining ota-onalari) stasionar davolanish jarayonida, zarurat tug`ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta`minlanadi.
Donorlarni bepul ovqat bilan ta`minlash bo`yicha xarajatlarning qiymati respublika bo`yicha bir xil – mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Immun donorlarga o`tkazilgan immunizasiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to`lash miqdori mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksasiya qilib boriladi.
Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, har oyning ikkinchi haftasi “Qon donorligi haftaligi” deb e`lon qilindi.






