O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali joriy yilning birinchi yarmida Buxoro viloyati aholisidan 35 ming 574 ta murojaat kelib tushgan.
Shundan 31 ming 812 tasi hududiy tashkilotlarga yuborilgan. 9 ming 132 tasi ijobiy hal etilgan. Aholi murojaatlarini ijobiy hal etish darajasi 2021 yilning mos davriga nisbatan 57 foizga kamaygan.
– Murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi tashkilotlar kesimida tahlil qilinganda ko`pgina idoralar va Buxoro shahar, Jondor va Kogon tumanlari hokimliklari tomonidan murojaatlar deyarli ijobiy hal etilmagani aniqlandi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi etakchi mutaxassisi Ma`mur Rahmonqulov. –Aholi murojaatlari o`z vaqtida ko`rib chiqilmaganligi, muammosi hal etilmaganligi natijasida 3 ming 332 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Bu 2021 yilning mos davriga (670 taga) nisbatan 5 barobarga ko`p.
Buxoro shahrida aholini qiynab kelayotgan muammolarni o`rganish va ularga har tomonlama ko`maklashish maqsadida o`tgan davr davomida kelib tushgan 7 ming 734 ta murojaatlarning 6 ming 844 tasi ko`rib chiqilgan, – deydi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov. – Shundan 1 ming 367 tasi yoki 19,9 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan 890 tasi o`rganish jarayonidagi murojaatlar hisoblanadi.






