AsosiyJinoyat

Uzun, Denov va Qibray tumanlarida kredit mablag`i evaziga xarid qilingan jihoz va uskunalarni sotib yuborilganlar qo`lga olindi

'Uzun, Denov va Qibray tumanlarida kredit mablag`i evaziga xarid qilingan jihoz va uskunalarni sotib yuborilganlar qo`lga olindi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman bo`limi tomonidan ATB “Mikrokreditbank” Uzun filialining murojaatiga asosan   tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi. 

Unda, “A.S.” oilaviy korxonasi va “CH.S.” MChJ norasmiy rahbarlari Yo.E. va O.T.lar o`zaro til biriktirib, avtoservis xizmati va mebel ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bank filialidan jami 450 mln so`m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, talon-toroj qilganliklari, shuningdek bank filiali mas`ul shaxslari aslida olib kelinmagan jihozlarni olib kelinganligi haqida dastlabki monitoring dalolatnomalarni tuzganligi oqibatida, kredit mablag`lari o`z vaqtida qaytarilmasdan bank manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilganligi aniqlanib, tekshiruv davomida etkazilgan zararning 30 mln so`mi undirilishi ta`minlangan.

Shu kabi, Denov tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.S.” xususiy korxonasi rahbari A.T. “Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish” uchun hududiy bank filialidan ajratilgan 300 mln so`m imtiyozli kredit mablag`i evaziga xarid qilingan ishlab chiqarish uskunalarini sotib yuborib, kredit mablag`ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Qibray tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “I.G.” MChJni norasmiy boshqarib kelgan Sh.J. ATB “Mikrokreditbank” Toshkent viloyati filiali kredit bo`limi boshlig`i O`.M. bilan o`zaro til biriktirib, MChJ rahbari Sh.ning xabardorligisiz qalbaki hujjatlar asosida ushbu bank filialidan aylanma mablag`larni to`ldirish uchun 1 mlrd so`m kredit ajratilishiga erishib,  kredit mablag`ini talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

 

 

    Boshqa yangiliklar