Ijtimoiy tarmoqlarda Qirg`izistonning Aksiy tumanidagi qishloq xo`jaligi ekinlari maydonlarida Marokko chigirtkasining ko`payib ketgani haqida xabarlar paydo bo`ldi.
Chigirtkaning O`zbekistonga kirib kelish xavfi bormi? Unga qarshi kurashish usullari qanday va ekinlar zararlanishini oldini olish mumkinmi? Ushbu savollarga Qishloq xo`jaligi vazirligining o`simliklarni himoya qilish va agrokimyo boshqarmasi mutaxassisi Baxtiyor Muhammadev javob berdi.
O`zbekiston sharoitida zararli chigirtkalar xavfini bartaraf etish yuzasidan har yili kuz oylarida kuzgi, erta bahorgi kuzatuv nazorat ishlari olib boriladi, chigirtkalarning qishlov muddati tugashi, tuxumdan chiqish muddatlari to`g`risida ko`p yillik kuzatuv asosida kimyoviy kurash tadbirlari rejalashtiriladi va o`z vaqtida tashkil etish choralari ko`riladi. O`zbekistonda afrika chigirtkalari bosib ketishi xavfi to`g`risida xabarlar kuzatilmagan.
Respublikamizda hozirgi paytda chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari davlat byudjetidan ta`minlanadigan O`zbekiston Respublikasi O`simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Chigirtkalarga kelsak, ular O`zbekiston hududiga tarqalishi mumkin. Hozirga qadar chigirtkalarni boshqarish mexanizmi hech bir davlatda ishlab chiqilmagan. Bu xabar ogohlikka chaqiradi.
Har yilgidek qo`shni davlatlarning chegaradosh hududlaridan O`zbekiston hududiga zararli chigirtkalarning uchib o`tish xavfi mavjud bo`lib kelgan.
Masalan, joriy yilda 50-60 ming gektar maydonga uchib o`tish xavfi mavjud. Shunday holat yuzaga kelganda, barcha texnika vositalari mobilizasiya qilinib, keng qamrovli kimyoviy ishlovlar o`tkazilib, ularning keng maydonlarga tarqalishi xavfini bartaraf etish choralari ko`riladi. Texnikalar etarli, moddiy resurslar YoMM, kimyoviy vositalar zaxirasi mavjud.
2022 yilning aprel-may oylarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan, hududiy hokimiyatlar ishtirokida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish” mavzusida maxsus-taktik o`quv mashqlari hamda profilaktik tadbirlar o`tkazilgan, chigirtkalarga qarshi kurash mavsumiga tayyorgarlik bo`yicha bir qator amaliy tadbirlar o`tkazilgan.
Chigirtkaga qarshi kurashish va qishloq xo`jaligi mahsulotlarining zararlanishini oldini olish choralari qanday?
Zararli chigirtkalar bilan kurash bo`yicha Respublikada tizim bor, yuqorida keltirilganidek, hozirgi paytda davlat byudjetidan ta`minlanadigan O`zbekiston Respublikasi O`simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kurash tadbirlari asosan er ustki texnika vositalari, xususan, motorli qo`l apparatlari, OVX, VP-1, ultra kichik -hajmli (UMO) purkagichli avto texnika agregatlari hamda motodeltaplan jalb qilinib kelinmoqda. Mavjud texnikalar bilan 1 kunda 10-12 ming gektar maydonda ishlovlar o`tkazish mumkin, zaruriyat yuzaga kelganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan texnika safarbarligi bo`yicha hamkorlik masalalari ham ko`rib chiqilgan.
Hozirda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.
2022 yil 12 may kuniga qadar 153,8 ming gektar maydon qayta kuzatuv-nazoratdan o`tkazilib, jami 118,6 ming gektar maydonda kimyoviy kurash ishlari o`tkazilgan.
Respublika viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda qo`shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarning paydo bo`lishi va tarqalishi bo`yicha kuzatuv ishlari yo`lga qo`yilgan, joylardagi vaziyat nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz, sal avval Toshkent viloyatiga chegaradosh Qozog`istonning Sariag`ash tumanida zararkunanda chigirtkalari lichenkasi o`chog`i aniqlangan edi.






