Bugun butun dunyo hamjamiyati tomonidan keng muhokamalar va keskin iqtisodiy choralarga sabab bo`layotgan Rossiya-Ukraina o`rtasidagi mojaroli jarayon turli muammolarni keltirib chiqarayotgani bor gap. Allaqachon bu nizoli vaziyat Markaziy Osiyo davlatlarini ham jiddiy chora-tadbirlar ko`rishga undagani va mojaro sabab iqtisodiy yo`qotishlarga qarshi tayyor bo`lishga undayotgani ham sir emas. Xususan, yurtimizda ham. Masalan, Rossiya va Ukrainada ishlab, rizqini terib yurgan migrantlarimiz masalasi bu borada birinchi navbatdagi masalalardan, desak mubolag`a emas. Bugun ayni shu kabi masalalarda ekspertga murojaat qilishni lozim topdik.
Ekspertimiz Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek RASULOV.
— Rossiya bilan Ukraina o`rtasidagi harbiy mojaroniboshlanishi ko`plab fuqarolarimizni, shu bilan birga vakolatli davlat organlarini ham tashvishga sola boshladi. Bunga sabab, Rossiya hamda Ukrainada faoliyat yuritayotgan O`zbekiston fuqarolari, ya`ni mehnat migrantlari hisoblanadi. Bu ikki davlat o`rtasida boshlangan inqirozdan so`ng mamlakatimiz rahbariyati hamda Tashqi ishlar vazirligining sa`y-harakatlari tufayli Ukrainadan 5 mingga yaqin fuqarolarimiz O`zbekistonga olib kelindi. Tashqi ishlar vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, hozirgi kunda 300 yaqin fuqaromiz Ukrainada bo`lib turibdi. Tashqi ishlar vazirligi ikki mamlakat o`rtasida yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarimiz xavfsizligini o`ylagan holda tezlik bilan ularni O`zbekistonga olib kelish chora-tadbirlarini ko`rdi. Bu harakatlar ijtimoiy tarmoqlarda ko`pchilikning e`tiboriga, e`tirofiga va yaxshi munosabat bildirishiga olib keldi. Hattoki, Ukrainadan Polshaga o`tgan fuqarolarimiz holidan xabar olgani Polsha Prezidentining kelishi hamda ko`pchilik bilan suhbatlashgani yurtdoshlarimizni xursand qildi. Bu mamlakatimiz obro`yi xalqaro darajada oshib borayotganligini, Evropa mamlakatlari tomonidan e`tirof etilishining bir ko`rinishi, deyishimiz mumkin. Bu albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.
Endi Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolariga to`xtaladigan bo`lsak, hozirgi kundagi rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Rossiya Federasiyasida taxminan 1,5 millionga yaqin yurtdoshlarimiz turli sohalarda mehnat faoliyati bilan shug`ullanib kelishmoqda. Jumladan, ularning 51 foizga yaqini qurilish, 10 foizga yaqini savdo va xizmat ko`rsatish, 10 foizi – qishloq xo`jaligi, 9 foizi – sanoat va qolgan 20 foizi – boshqa sohalarda mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda, – deydi Nodirbek RASULOV.
Hozirgi kunda Rossiyaga nisbatan AQSh boshchiligida G`arb mamlakatlarining joriy etayotgan sanksiyalari bevosita u erda mehnat faoliyati bilan shug`ullanayotgan yurtdoshlarimizning iqtisodiy va moliyaviy holatiga o`z ta`sirini o`tkazmoqda.
Nodirbek Rasulov yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat tufayli u erda mehnat faoliyati bilan shug`ullanayotgan fuqarolarimiz uchun yuzaga kelgan quyidagi risklarni sanab o`tdi:
Valyuta kursi riski. Joriy yil 18 mart holatida Rossiya rublining AQSh dollariga ayirboshlash kursi bir dollar uchun 107,5 rublni tashkil etmoqda (yil boshiga 75-80 rubl bo`lgan). Natijada, mehnat migrantining o`rtacha oylik ish haqi 45-47 ming rublga teng bo`lsa, AQSh dollardagi ekvivalenti yil boshidagi 600-620 dollardan 420-435 dollarga tushdi.
Migrantlar o`rtasida eng katta o`rtacha oylik ish haqi qurilish va ta`mirlashda (54 ming rubl), so`ng transport, logistika, sklad ishi sohasida (52 ming rubl), eng kam ish haqi uy-joy kommunal xo`jaligi (40,1 ming rubl) va qishloq xo`jaligi sohasida (36,8 ming rubl) qayd etilmoqda.
Mehnat migrantlarining doimiy xarajatlarini, jumladan, oylik patent to`lovi va yashash xarajatlarini inobatga olgan holda, oilasiga yuboradigan mablag`lar miqdori yil boshida 300-400 dollar atrofida bo`lgan bo`lsa, hozirgi kunga kelib 150-200 dollarga to`g`ri kelmoqda.
Rossiya ish beruvchilari faoliyatidagi muammolar. E`lon qilingan sanksiyalar Rossiyadagi bir qancha soha va tarmoqlarning faoliyatiga salbiy ta`sir qilmoqda.
Birinchidan, o`zbekistonlik migrantlar ko`plab ishlayotgan qurilish sohasidagi korxonalar xalqaro pul o`tkazmalarining to`xtashi va sanksiyalar ta`sirida Evropa mamlakatlari, ayniqsa, Germaniya kompaniyalaridan qurilish texnikasi va materiallarini olib kelishda qiyinchiliklar paydo bo`lishi oqibatida faoliyatida to`xtalishlar yuzaga keldi.
Ikkinchidan, Rossiya byudjeti va yirik davlat kompaniyalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishdagi moliyaviy inqirozlarning paydo bo`lishi.
– Biroq bu erda bir narsaga e`tibor berish kerak: Rossiya hukumati G`arb mamlakatlari tomonidan qo`llanilayotgan sanksiyalarga nisbatan chora-tadbirlarni ishlab chiqayotganligi hamda mamlakatda iqtisodiy jarayonlarning to`xtab qolmasligi uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda. Demak, bu degani Rossiya iqtisodiyoti rivojlanishda davom etadi. Shu harakatlar mehnat migrantlarimizning xavotirini bir muncha pasaytirdi, deyishimiz mumkin.
Rossiya rublining dollarga nisbatan xarid qobiliyati pasayishi ayrim holatlarda migrantlarimizning Rossiyada topayotgan daromadlariga jiddiy ta`sir ko`rsatayotgani va hozirgi kunda u erda ishlab topishi mumkin bo`lgan daromadini O`zbekistonda ham ishlab topishi mumkinligi ularning yurtimizga qaytib kelishiga sabab ham bo`ladi. Chunkiularning Rossiyada yurgandan ko`ra, O`zbekistonga kelishi iqtisodiy jihatdan to`g`riga o`xshab qoladi. Buni yanada aniqroq tushuntirishga harakat qilaman: birdaniga o`rtacha 500-600 AQSh dollar oyiga daromad qilayotganlarning dollar sotib olish imkoniyatidan bebahra qolishi hamda Rossiya rublida hisob-kitob qilinganda 40-50 foizga yo`qotishi olayotgan ish haqlari bilan solishtirganda anchagina iqtisodiy yo`qotishga sabab bo`ladi, – deydi ekspert.
TAHLILChILAR FIKRIChA...
So`nggi paytlarda mamlakatimizda ayrim tahlilchilar, mutaxassislar hamda ish bilan bandlikni ta`minlaydigan vakolatli organ xodimlarini o`ylantirayotgan masala bu — sanksiya tufayli Rossiyadan qancha mehnat migrantlari qaytib kelishi mumkinligidir. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Sanksiya tufayli qanchasi ish joyidan mahrum bo`lishi yoki ulardan qanchasi O`zbekistonga qaytib kelishi mumkin, degan savollar ko`tarilyapti. Hozirda ba`zi bir tahlilchilarimizni, ekspertlarimizni hisob-kitobi bo`yicha agar shunday holat bo`ladigan bo`lsa, ishlab yurganlardan 100 mingdan 200 minggacha bo`lgan fuqarolarimiz yurtimizga qaytishi ehtimoli bor. Chunki bu sanksiyalar 2-3 oy davom etmaydi. Bu jarayon jahon iqtisodiyotida pandemiyadan keyin nafaqat MDH mamlakatlari, balki butun jahon iqtisodiyotining silkinishiga sabab bo`lgan voqea bo`lib, bu holat qandaydir oxiri ko`rinmaydigan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
ROSSIYaDAN KELIShI KUTILAYoTGANGANLARNI BAND QILIShGA TAYYoRMIZMI?
— Mehnat migrantlarining O`zbekistonga kelishi fuqarolarimiz uchun juda katta muammo tug`dirmaydi, chunki biz pandemiya vaqtida katta sinovdan o`tdik va yaxshigina tajribaga ega bo`ldik. Chunki pandemiya vaqtida butun dunyo iqtisodiyoti ma`lum bir vaqt falaj holatga tushdi. Bu holat butun dunyo mamlakatlari qatori mamlakatimizda ham aholimizning katta qismini vaqtincha ishsiz bo`lishiga olib keldi. Bu holat pandemiya davrida amaliyotda boshimizdan o`tdi va vaqtincha ishsiz bo`lgan fuqarolarimizni ish bilan band qilish, ish bilan ta`minlash masalalari bo`yicha ancha tajribalar orttirdik.
Bundan tashqari, joriy yilning boshidan har bir mahallaga hokim yordamchilarining joriy qilingani Rossiyadan kelishi kutilayotgan fuqarolarimizning bandligini ta`minlashda muhim vositalardan biri bo`ladi. Masalaning yana bir jihati bor: ma`lumotlarga ko`ra, har yili bahordan kuz oyigacha O`zbekistondan 200-300 mingga yaqin fuqarolarimiz qo`shni mamlakatlarga, jumladan, Rossiya va Qozog`istonga vaqtinchalik mavsumiy ishlarga borib kelishi kuzatiladi. Ana shunday mavsumiy ish uchun borib keladiganlarning aksariyati bugungi vaziyatda yurtimizda qolib ishlashni afzal ko`ryapti. Bu bo`yicha mamlakatimizda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi va boshqa vakolatli davlat organlari bilan birgalikda, mamlakatimizda qo`shimcha ish o`rinlarini yaratish, ularni vaqtincha ishsiz bo`lib qolmaslik uchun bor imkoniyatidan kelib chiqib, band qilish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, – deydi N.RASULOV.
Barno MADALIEVA suhbatlashdi






