Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan “Volvo” rusumli yuk mashinasi o`rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o`tkazildi.
Tekshirish jarayonida mashinada I.R.ga tegishli hech qanday hujjatlari bo`lmagan 21 dona bronzaga o`xshash qattiq jismdan turli shakllarda o`yib yasalgan tarixiy buyum borligi aniqlangan.
O`zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan ekspertizaga taqdim qilingan 21 dona buyumda bir xil ornament (naqsh) va o`ymakorlik shakllari borligi, tosh bo`lakchalarning bir xil vaznga egaligi, ularning XI–XIII asrlarga oid noyob topilmalar hisoblanishi hamda O`rta Osiyo metrologiyasi uchun muhim tarixiy manba ekani to`g`risida ma`lumot berilgan.
Shuningdek, Agentlik mutaxassislarining xulosasiga ko`ra ushbu 21 dona buyum amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, tarixiy qiymatdagi boyliklar ekani va umumiy qiymati 210 million so`mni tashkil etishi hamda ularni O`zbekistondan olib chiqish taqiqlangani ma`lum bo`lgan.
Qayd etilishicha, yuqorida aniqlangan huquqbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






