Ushbu holat Toshkent va Xorazmda bo`lgani aytilmoqda.
Birlamchi ma`lumotlarga qaraganda, Xorazm viloyati Shovot tumani hokimligi tumanda o`tkazilayotgan sumalak saylidan tasvirlarni e`lon qildi.
Fotosuratlarda havoda atlas ko`ylak kiygan kichkina qizlar qaltirab raqs tushish uchun tayyorlanayotgani aks etgan.
Oradan biroz vaqt o`tib, xuddi shunday fotolavhalar Toshkent shahri Qibray tumanida ham o`tkazilgan “Assalom, Navro`z!” tadbirida o`quvchi qizlar yupun kiyimda raqsga tushayotgani aks etgan surat tarqaldi.
Suratda qalin kiyimdagi odamlar sovuqda qaltirab raqsga tushayotgan qizlarni tomosha qilib turganini ko`rish mumkin.
Mazkur holat yuzasidan izoh bergan Xalq ta`limi vazirligi Matbuot kotibiga ko`ra, vazirlik tomonidan avval ham bir necha bor turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarni ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda o`tkazish, bolalar bilan suratlardagi kabi holatlar yuzaga kelishiga yo`l qo`ymaslik haqida ogohlantirish berilgan va bunday holatlarga yo`l qo`ygan mas`ul shaxslarga choralar ham qo`llanilgan.
“Shunga qaramay hali hamon joylarda bunday noxush holatlar afsuski davom etmoqda. Ayni damda fotosuratlardagi holatlar qaysi maktab tomonidan yo`l qo`yilgani o`rganilmoqda”, — deyiladi xabarda.






