Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasining o`tgan yil sarhisobi, 2022 yil rejalari hamda kechikkan alimentlar bo`yicha yangi qaror tahliliga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanda MIBning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma`lumot berildi.
Ta`kidlanishicha, Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo`limlari tomonidan 2021 yil mobaynida jami 77,3 mlrd so`m mablag`lar undirilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash uchun ochilgan hisob-raqamlarga o`tkazib berilgan.
Aliment to`lashdan bo`yin tovlagan qarzdorlarga nisbatan ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 474-moddasi bilan ish qo`g`atish uchun 1 002 ta ma`muriy ishlar tuman sudlariga yuborilgan. Shundan 417 tasiga ma`muriy qamoq, 14 tasiga jarima, 5 tasiga ogohlantirish berilgan bo`lsa, 472 tasi sud tomonidan (sud jarayonida aliment qarzdorliklari undirilgan) tegishli tartibda tugatilgan.
Ma`lumki joriy yilning 7-mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq aliment to`lashdan bo`yin tovlab kelayotgan va qidiruvga berilgan shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, OAVda e`lon qilish belgilangan va shular bo`yicha ish olib borillmoqda.
Tizimda 21 fevraldan 31 martga qadar “Aliment oyligi” e`lon qilingan. Oylik boshidan 14 mart holatiga 3 mlrd. 133 mln. so`m aliment pullari ATB “Aloqa bank” tomonidan aliment oluvchilarning kartalariga o`tkazib berildi.
“Aliment oyligi” doirasida Byuro aralashuvi natijasi 73 nafar oila yarashtirildi.






