"Prava" almashtirish xizmati texnik-profilaktik tadbirlar o`tkazilishi munosabati bilan 19 martdan – 2 aprel kunigacha vaqtincha ko`rsatilmaydi. Bu haqda DXA xabar bermoqda.
Ma`lumki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari joriy etilgan.
Dastlabki hisob kitoblarga ko`ra, har bir guvohnoma almashtirish punktiga kuniga 55-60 nafardan fuqaro murojaat qilganda – to`liq qamrov uchun o`rtacha 4 yil vaqt sarf qilinishi rejalashtirilgan edi. Hozirda esa, bir kunda 500-600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda.
Ma`lumot uchun: respublika bo`yicha eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lgan haydovchilar soni – qariyb 5,7 mln. nafarni tashkil etadi. Shunga ko`ra, eski haydovchilik guvohnomalarini majburiy almashtirish muddatlari Hukumat tomonidan 2 marotaba (dastlab, 2020 yildan – 2021 yilning oxiriga qadar, keyinchalik 2021 yildan – 2022 yilning so`ngiga qadar) uzaytirilgan.Bugungi kunda jami 74 ta punktda xizmat ko`rsatish imkoniyati yaratilib, tegishli moddiy-texnikaviy baza bilan ta`minlangan (qurilmalarning 49 tasi – YHXBB bo`linmalari, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlariga o`rnatilgan).
Qolaversa, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish hajmini yil davomida bir maromda taqsimlash, ularning yil yakunida almashtirish joylarida to`planib qolishlarining oldini olish maqsadida guvohnomalarni almashtirishning yakuniy muddatlari tabaqalashtirildi (masalan, 2010 yilgacha olingan guvohnomalar – 2022 yilning apreliga qadar, 2012 yilgachalari – 2022 yilning iyul oyiga qadar va hokazo). Ushbu muddatlarda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb topilishi belgilandi.
Haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun vakolatli idora Ichki ishlar vazirligining YHXX tuman va tumanlararo bo`limlari.
Haydovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 2018 yilning may oyidan EKSPERIMENTAL tartibda Davlat xizmatlari markazlarida ham “prava” almashtirish xizmati yo`lga qo`yildi.
Bunda xizmat uchun nafaqat kelgan holda, balki onlayn shaklda ham murojaat qilish imkoni yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi amaliyotga kiritilgan paytdan boshlab, bugungi kunga qadar 2,6 mln.dan ortiq haydovchilaring guvohnomalari yangisiga almashtirildi.
Davlat xizmatlari agentligi poytaxtda va viloyatlardagi haydovchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida "so`nggi mijozgacha" ish rejimini yo`lga qo`ydi. Ma`lumot uchun DXMlarda o`rtacha bir fuqaroga xizmat ko`rsatish uchun 4-5 daqiqa vaqt sarflanmoqda.
Biroq, o`tkazilgan tahlillar 3,1 mln.dan ortiq fuqarolarimiz tomonidan hujjatlarni almashtirilmay kelinganligini ko`rsatdi.
Muammoni bartaraf etish uchun mas`ullar qanday choralar ko`rmoqda?
Birinchidan, haydovchilik guvohnomasini almashtirishning oxirgi muddatlarini mutanosib tarzda – 2023 yilning 31 dekabriga qadar o`zaytirish bo`yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda;
Ikkinchidan, haydovchilik guvohnomalari almashtirilmagan fuqarolar sonidan kelib chiqib, tashrif buyuruvchilarning tahminiy soni va asosli talabini inobatga olib, haydovchilik guvohnomasini almashtirish punktlarini kamida ikki barobarga ko`paytirish.
Shuningdek, IIV ma`lumotiga ko`ra, 2022 yilning 1 aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari bo`yicha, istisno tariqasida tegishli ta`sir choralari qo`llanilmaydi.






