Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tmoqda. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
So`nggi to`rt yilda tarmoqni transformasiya qilish boshlanib, “O`zavtosanoat”ga xorijiy mutaxassislar olib kelingani ta`kidlandi.
Xorijiy kompaniyalar ishtirokida yangi korxonalar tashkil etish va aksiz solig`ini bekor qilish orqali sohada raqobat muhiti yaratildi.
Natijada o`tgan to`rt yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobarga, tarmoq eksporti esa 2,7 barobarga oshdi. Shuningdek, 2,6 ming turdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqarish o`zlashtirildi.
“UzAuto Motors” “Fitch Ratings” va “Standart and Poor’s” xalqaro agentliklaridan “barqaror” kredit reytinglarini olib, xalqaro moliya bozorida 300 million dollarlik evrobond joylashtirdi.






