AsosiyJamiyat

UZEX haftalik dayjesti e`lon qilindi

'UZEX haftalik dayjesti e`lon qilindi'ning rasmi

O`tgan hafta davomida, ya`ni 7 – 13 fevral kunlari "O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 303,4 mlrd so`mlik tovarlar sotilgan bo`lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 16,4% ga ko`pdir. Bunda sotuvlarning 88,6% - birja savdolari; 0,1% - ko`rgazma-yarmarka savdolari; 10,9% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to`g`ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 707,9 mlrd so`mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o`tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 43,9 mlrd so`mlik mablag`lari tejaldi.

Ko`rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 530 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,0 mlrd so`mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5,6% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 9,6% ikkinchi; 8,7% uchinchi; 11,9% to`rtinchi; 23,2% beshinchi va 41,0% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko`rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 041,6 mlrd so`mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo`yishdi, shu jumladan:

Shakar

Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 16 391,0 tonna shakar qo`yildi va ulardan 11 231,0 tonnasi, ya`ni 68,5% qismi sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 66 xaridor ishtirok etdi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo`yicha shakllangan kunlik o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 8 170,2 ming so`mdan 8 118,4 ming so`mgacha, ya`ni 0,6% ga pasayganini ta`kidlash lozim.

O`tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning TS-2 – kategoriyasi bo`yicha shakllangan o`rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 8 196,6 ming so`mni tashkil etdi.

Ko`mir

O`tgan haftada birja savdolarida 15 658,0 tonna ko`mir qo`yildi va ulardan 10 259,0 tonnasi, ya`ni 65,5% qismi sotildi. Ko`mirning o`rtacha kunlik sotuv hajmlari 2 052,0 tonnani tashkil qildi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda ko`mir bo`yicha shakllangan kunlik o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 228,1 ming so`mdan 224,7 ming so`mgacha pasaydi.

Paxta linti

O`tgan haftada birja savdolarida 2 048,0 tonna paxta linti sotildi. O`rtacha kunlik sotuv hajmlari 410,0 tonnani tashkil qildi.

Ko`rib chiqilayotgan davrda paxta lintining kunlik o`rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 4 516,9 ming so`mdan 3 500,7 ming so`mgacha, ya`ni 22,5% ga pasayganini ta`kidlash lozim.

Barcha tovarlar uchun haftalik kotirovkalar bilan mazkur havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar