Bugun – 2 fevral kuni O`zbekiston xalq artisti Viloyat Oqilova 85 yoshida vafot etdi.
Viloyat Oqilova milliy raqs san`atimizning chinakam fidoyisi edi. «O`zbekkonsert» davlat muassasasi ma`lumotlariga ko`ra, ustoz san`atkor 1937 yilda mashhur san`atkor, raqs san`ati darg`asi, O`zbekiston xalq artisti Isoxor Oqilov oilasida dunyoga kelgan.
Raqqosa sifatidagi faoliyati davomida «Zang», «Larzon», «Shodlik», «Xorazm lazgisi», «Pomir raqsi», «Afg`oncha», «Dilrabo», «Shodiyona» kabi ko`plab raqslarni mahorat bilan ijro etib, mutaxassislar va xalqimiz e`tirofiga sazovor bo`lgan.
Viloyat Oqilova baletmeyster sifatida «Chorzarb», «Samandariy», «Buxoro to`lqini», «Tanavor 2», «Surnay lazgisi», «Mavrigi» kabi qator raqslarni sahnalashtirib, o`ziga xos maktab yarata olgan san`at darg`alaridan biri edi.
Biz ham ustoz san`atkor, O`zbekiston xalq artisti Viloyat Oqilovaning vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.






