Bu bo`yicha mamlakat bilan maxsus shartnoma imzolandi.
Sog`liqni saqlash vazirligida Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi(JICA)ning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suguru Miyadzaki bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama etildi, deya ma`lum qiladi SSV matbuot kotibi.
Qayd etilishicha, yaqinda O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganiga 30 yil to`ldi.
Ta`kidlanishicha, yaqin kunlarda mamlakat bilan yana bir loyiha ishga tushadi.
"Bu “Rivojlanishga rasmiy yordam” dasturi doirasida JICAning moliyaviy ko`magida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan, umumiy qiymati 7 mln. AQSh dollariga teng “Qoraqalpog`iston tibbiyot instituti klinikasiga tibbiy yordam ko`rsatishni yaxshilash” loyihasidir",-deya ma`lum qilinadi.
Ta`kidlanishicha, u multispiral kompyuter tomografiyasi, mobil klinika, S-arm rentgen apparati, universal xirurgik mikroskop, otolaringologlar uchun mikroskopli ish stoli, terapiya, reanimasiya, neonatologiya, travmatologiya, xirurgiya kabi qator yo`nalishlarda faoliyat ko`rsatuvchi tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratlarini yanada oshirishda zarur bo`ladigan simulyasion asbob uskunalar kabi 29 turdagi eng zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o`z ichiga oladi.
Uchrashuvda mazkur loyihani ro`yobga chiqarish uchun O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi o`rtasida Almashinuv notasi, JICA bilan Grant bitimi, shuningdek, Yaponiyaning “Grown Agents” kompaniyasi bilan O`zbekistonga tibbiy texnika va jihozlarni etkazib berish, o`rnatish va ishga tushirishga doir shartnoma imzolangani aytiladi.






