Bizning butun muhitimiz, u yoki bu darajada, shovqin ta`siridan iborat. Odamlar ma`lum bir shovqin darajasiga o`rgangan bo`lib, agar haddan tashqari shovqin bo`lmasa, ular ko`pincha bunga e`tibor ham bermaydilar.
Kishilar ongiga ta`sir qiluvchi shovqin ta`siriga qarshi kurashish zarurati xalqaro darajada e`tirof etilgan. Jumladan, BMT Inson huquqlari kengashining 2021 yil 5 oktyabrdagi 48-sessiyasida insonning xavfsiz, toza, sog`lom va barqaror atrof-muhitga bo`lgan huquqini umuminsoniy huquq sifatida e`tirof etgan rezolyusiya qabul qilindi.
Adliya vazirligi tomonidan o`tkazilgan milliy qonunchilik hamda joriy amaliyotni o`rganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini ko`rsatmoqda.
Xususan, bugungi kunga qadar mamlakatimizda zararli shovqin ta`siriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Misol uchun, “Avtomobil transporti to`g`risida”gi Qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sog`liqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lishi kerak.
Ayni paytda, “tungi vaqt” bo`yicha yagona tushuncha mavjud emas, masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq – 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi xududlarida ruxsat etiladigan shovqin me`yorlaridan oshmasligini ta`minlashga qo`yiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga (SanPiN 0267-09-son) muvofiq esa – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilanan.
Shuningdek, ushbu sohada ma`lum ilmiy izlanishlar mavjud emasligini ham ta`kidlash zarur. Ma`lumotlarga ko`ra, so`nggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot o`tkazilgan.
Shuni ta`kidlash kerakki, bir qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968-yilgi “Shovqinni tartibga solish to`g`risida”, Amerika Qo`shma Shtatlarida 1972-yilgi “Shovqinni nazorat qilish to`g`risida”, Buyuk Britaniyada 1996-yilgi “Shovqin to`g`risida” qonunlar mavjud.
Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yo`llar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.
Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli bo`lgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini o`qish qobiliyatiga ega shovqin radarlari bilan jihozlangan, ushbu tizim avtotransport egasiga jarima to`lash zarurligi haqida xatni avtomatik ravishda yuboradi.
O`rganish natijasida inson salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi omillardan bo`lgan shovqinga qarshi kurashni takomillashtirish bo`yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xususan:
- shovqinning salbiy ta`siriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish;
- ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish;
- belgilangan darajadan ortiq shovqin ta`siri uchun tovon to`lashning huquqiy mexanizmini yaratish.
Mazkur tavsiyalarni amalga kiritish maqsadida qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, rivojlangan xorijiy davlatlar misolida avtomobil yo`llarida shovqin balandligini o`lchash asboblarini o`rnatish imkoniyatlarini o`rganish tavsiya etilib, shovqinning salbiy ta`siriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash bo`yicha boshqa taklif va tashabbuslar ham ma`sul idoralarga taqdim etildi.
Ushbu tashabbuslarning imkon qadar tezkorlik bilan amalga oshirilishi jamiyat hayotini yaxshilash, shovqinning salbiy ta`siriga barham berish, shuningdek, zararli mehnat sharoitlariga ega ishchilar hamda shovqin ta`siri mavjud noqulay hududlarda yashovchi aholi uchun adolatli kompensasiya to`lovlari joriy etilishiga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






