Avvalroq Shavkat Mirziyoev, sport, sog`liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edik.
Taqdimotda maktablar qamrovini oshirishga oid loyihalar ham ko`rib chiqildi.
Davlat rahbari bu masalaga ham aloxida to`xtalib o`tdi.
"Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima o`ynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni o`ylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sun`iy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa o`zimizda ishlab chiqarilayapti.
Ikkinchidan, shu joylarda kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom qursa bo`ladi. Kelgusida shifokor punktlarini ham joylashtirish mumkin. Umuman, bu orqali ham xizmatlar rivojlanadi, ham odamlar rozi bo`ladi",-deydi Mirziyoev.
Prezident matbuot xizmatiga ko`ra, kelgusi besh yilda O`zbekistonda 1 million 200 ming o`quvchi o`rni tashkil etish zarur. Shu bois Prezident yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish bo`yicha topshiriq bergan edi. Shunga asosan, 330, 660, 990, 1320 va 1650 o`rinli maktablar loyihasi tayyorlangan. Bunda qo`shimcha bino, ko`p funksiyali zal, sanitariya-gigiena xonalari qurish, zamonaviy laboratoriya, interaktiv doska, qulay o`rindiqlar bilan jihozlash kabi barcha jihatlarga e`tibor qaratilgani aytiladi.
Shavkat Mirziyoev mutaxassislar bilan har bir maktabning asosi va devori holatini o`rganib chiqish zarurligini ham ta`kidlab o`tgan.
"Buni nima uchun aytayapman? Iloji boricha, hozirgi maktablarning o`zini kengaytirish kerak. Chunki bolalar ham, o`qituvchilar ham o`sha joyga o`rgangan. Mahallaning o`rtasida boshqa bo`sh er yo`q. Chekka joydan qursak, borib-kelishga transport kerak, bolalar qatnashga qiynaladi. Shuning uchun maktablarning o`ziga qo`shimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiq", – dedi Prezident.
Shuningdek, holatiga qarab, har bir maktabga alohida yondashish, aholi demografiyasini inobatga olib, qaerda necha qavatli bino qurishni hisob-kitob qilish bo`yicha topshiriq berilgani aytiladi.






