Toshkentda ona 3 yashar qizaloqni ayiq qafasiga tashlab yuborgani borasida ma`lumot bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan onaga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgani haqida ham qo`shimcha ma`lumot berildi.
Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol haqida ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, o`rganishlar davomida hodisa ishtirokchilari 1991 yilda tug`ilgan, Toshkent shahar Sergeli tumani «Qumariq» mahalla fuqarolar yig`ini Obod ko`chasida yashovchi fuqaro Z.T. va uning 2018 yilda tug`ilgan qizi, fuqaro Z.A. ekani aniqlangan. Z.T. ismli ayol hozirga qadar o`z otasi, fuqaro Y.T.ga tegishli xonadonda 2 nafar farzandi bilan yashab kelgan.
U bilan suhbat davomida Toshkentdagi oliy o`quv yurtlaridan birida o`qituvchi bo`lib ishlashi, turmush o`rtog`i, 1990 yilda tug`ilgan, ayni vaqtda Rossiya davlatiga ketgan fuqaro N.K. bilan hozirda birga yashamayotgani sababli ruhiy tushkunlikka tushib qolgani ma`lum bo`lgan.
Fuqaro Z.T. oilasi bilan muqaddam Sergeli tumanidagi «Yangi Bunyodobod» mahallasida ijarada yashagan. Ajrim yoqasidagi oilaning holati mahalla raisi N.Yo`ldosheva, xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektor O.Ashurova tomonidan ko`p bora o`rganilgan, oilani yarashtirish choralari ko`rilgan.
Z.T. 2021 yilda «ayollar daftari»ga kiritilgan va unga uy-joy va ajrim masalasida zarur huquqiy maslahatlar berilgan. Shuningdek, homiylik mablag`lari hisobidan uning oilasiga ikki bor oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berilgan.
Hozirda hodisadan jabrlangan qizga barcha zarur tibbiy yordamlar ko`rsatilmoqda. Shuningdek, mazkur holat bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






