2021 yilning noyabr oyi oxirlarida 36 yoshli T.U. o`zganing mol-mulkini firibgarlik yo`li bilan talon-toroj qilish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimi bo`lmasa-da, ichki ishlar organlari formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib, Andijon shahar Mustaqillik MFY hududida o`ziga oldindan tanish bo`lmagan 33 yoshli U.O., ga go`yoki Andijon viloyati IIBda ishlayotganligini aytib, uning ishonchiga kirib, undan turmush o`rtog`i Q.F., ni ikkinchi xotini bilan o`rtalarida tuzilgan turmush qurganligi to`g`risidagi guvohnomani FHDYoda ishlovchi tanishlari orqali bekor qildirib berishini va`da berib, ushbu harakatlari uchun 900.000 so`m pullarni firibgarlik yo`li bilan olib, o`zining shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborganligi aniqlangan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Bundan tashqari, u o`zining jinoiy faoliyatini davom ettirib, 2021 yilning dekabr oyi boshlarida, ichki ishlar organlari xodimi formasida bo`la turib, Andijon shahar O`zbegim MFY hududida joylashgan “Avtovokzal” yonida o`ziga oldindan tanish bo`lmagan 35 yoshli Q.Q., dan go`yoki Andijon viloyati IIBda ishlayotganligini aytib, uning ishonchiga kirib, uni turmush o`rtog`i bilan birgalikda Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun jo`natib yuborishini aytib, chipta sotib olish uchun pul berishi kerakligini aytib, uni aldab, 50.000 so`m pullarni olib, bergan va`dasini bajarmasdan olgan pullarini o`zining shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan T.U.,ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha T.U. tomonidan jabrlanuvchilarga etkazilgan barcha zararlar to`liq qoplanib, jinoyat ishi bo`yicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi tanlangan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov yakunlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 381-moddasi tartibida ayblov xulosasini tasdiqlash uchun Andijon shahar prokuraturasiga yuborildi.






