AsosiyJamiyat

"Bitim kuchga kirmagan"  TIV Rossiyaga borgan O`zbekiston fuqarolari 15 kun ichida ro`yxatdan o`tkazilishi haqidagi xabarga munosabat bildirdi

'"Bitim kuchga kirmagan"  TIV Rossiyaga borgan O`zbekiston fuqarolari 15 kun ichida ro`yxatdan o`tkazilishi haqidagi xabarga munosabat bildirdi'ning rasmi

Avvalroq O`zbekiston fuqarolariga Rossiyada registrasiya qilish uchun 15 kun berilishi mumkinligi, bu bo`yicha O`zbekiston  bilan Rossiya  o`rtasida tegishli bitim imzolangani haqda xabar berilgan edi.

Bitimga asosan, ikki davlat fuqarolari o`zaro mamlakatlar hududiga kirgan kundan boshlab 15 kun ichida yashash joyida ro`yxatdan o`tishi ko`zda tutilgandi.

Ayni vaqtda Tashqi ishlar vazirligi bitim hali kuchga kirmaganligini ma`lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federasiyasi hududida va Rossiya Federasiyasi fuqarolarining O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lishlari tartibi to`g`risidagi Hukumatlararo bitim 2021 yil 17 iyun kuni imzolangan.

Bitimning 1-moddasiga ko`ra, bir Tomon davlati hududida vaqtincha bo`lib turgan boshqa Tomon davlatining fuqarolari 15 kun mobaynida kelish davlatining vakolatli organlarida ro`yxatdan o`tish (yashash joyi bo`yicha ro`yxatdan o`tish) majburiyatidan ozod etilishi aytiladi.

Shuningdek, mazkur xalqaro shartnomani tasdiqlash haqida 2022 yil 20 yanvar kuni  O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilingani xabar berildi.

Shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga mamlakat tomonidan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi haqida tegishli bildirishnomani yuborgani ma`lum qilindi.

"Ta`kidlash joizki, Bitimning 4-moddasiga ko`ra, Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan davlat ichki tartib-taomillari Tomonlar tarafidan bajarilgani to`g`risida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingan sanadan kuchga kiradi",-deyiladi vazirlik xabarida.

Shunday qilib, yuqorida ko`rsatilgan Bitim kuchga kirmagani, zero Rossiya tomonidan tegishli davlat ichki tartib-taomillari hali yakunlanmagani aytiladi.

    Boshqa yangiliklar