Sudlangan B.Sharofiddinov (ismi va sharifi o`zgartirilgan) qaynonasi F.Alievani qaynotasi A.Mirzaev doimiy ravishda urib, haqorat qilib kelgani sababli, qaynonasi F.Alievaning taklifiga ko`ra, qaynotasi A.Mirzaevni 5.000 AQSh dollariga o`ldirish haqida jinoiy til biriktirib, 2014 yilning 8 noyabridan 9 noyabr kuniga o`tar kechasi F.Alieva o`zining yashash xonadonida B.Sharofiddinovga boltani olib kelib berganida, B.Sharofiddinov ushbu boltaning kesuvchi qismi bilan uxlab yotgan ojiz ahvoldagi A.Mirzaevning bosh qismiga ikki marotaba urib, qasddan o`ldirgan.
Shundan so`ng, B.Sharofiddinov A.Mirzaevning murdasini yo`qotish maqsadida 2014 yilning 11 noyabr kuni tanishlarini yollab, A.Mirzaevning murdasini ular yordamida eshak aravaga yuklab, Bog`dod, Rishton va Oltiariq tumanlari hududidan oqib o`tuvchi Andijon kanaliga tashlab yuborishgan.
B.Sharofiddinov va F.Alieva sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida, 2014 yil 15 noyabr kuni marhum A.Mirzaevni Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun ketganligi haqida yolg`on ma`lumotlar tarqatib, uning fuqarolik pasportini yoqib yuborish yo`li bilan nobud qilishgan.
Shundan so`ng, B.Sharofiddinov qaynonasi F.Alieva tomonidan va`da qilingan 5.000 AQSh dollarini qo`lga kirita olmaganligi sababli qaynonasining yashash uyida bo`lgan qimmatbaxo buyumlarini olib ketib, ushbu buyumlarni tanishlaridan bo`lgan qarzlari evaziga berib yuboragan.
Bundan tashqari, B.Sharofiddinov F.Alieva bilan birga boshqa jinoyatlarni ham sodir qilganligi aniqlangan.
Farg`ona viloyat sudining sudyasi Farrux Abduraimov raisligida o`tgan sud, barcha xolatlarni atroflicha o`rganib, B.Sharofiddinovga O`zbekiston Respublikasi JK 97-moddasi 2-qismining “v,p” bandlari, JK 168-moddasi 2-qismining “b” bandi, JK 227-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan JK 59-moddasining 3-qismi tartibida 18 yil, F.Alievaga esa 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.






