Farg`ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida “Yangi O`zbekiston” massiviga tamal toshi qo`yildi. Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar qilmoqda.
“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil bugun barcha jabhada o`z ifodasini topmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda aholini uy-joy bilan ta`minlash, turmush darajasini yanada yaxshilash ishlariga muhim e`tibor qaratilayotgani zamirida ham ana shu ulug`vor maqsad mujassam. Farg`ona viloyatida o`tgan yil mazkur yo`nalishda keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan 6 ming 369 xonadonli 193 ta ko`p qavatli uylar bunyod etildi.
Mamlakat bo`ylab “Bag`dod tajribasi” deya e`tirof etilgan massivning qad rostlashi muhim voqelik bo`ldi, desak yanglishmaymiz. Darhaqiqat, qisqa fursat ichida Bag`dod tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yig`ini hududida 1 ming 236 xonadonni jamlagan 61 ta zamonaviy ko`p qavatli turar-joylardan iborat shaharcha bo`y ko`rsatdi. Bu erda aholi uchun barcha infratuzilma yaratildi. Qishloq joylarida barpo etilayotgan zamonaviy ko`p qavatli turar-joylar qurilishi faqat Bag`dod tumani bilan cheklanib qolmadi. Katta shaharlardagidan qolishmaydigan, o`zida bolalar maydonchasi, sport maydonchasi, avtoturargohlarni mujassam qilgan turar joy majmualari Buvayda, Uchko`prik, Oltiariq va boshqa tumanlarda ham qad rostladi. Joriy yilda bu ishlar davom ettirilayotgan bo`lib, Farg`ona shahri, Farg`ona va Yozyovon tumanida “Yangi O`zbekiston” massivlarining qurilishi ko`zda tutilgan.
Xususan, viloyat markazida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo`ljallangan yo`ldosh shaharchani bunyod etish ishlariga kirishilmoqda. Hozirga qadar ekoshahardagi “Yangi O`zbekiston” bog`ining qariyb 40 gektar maydoniga manzarali daraxtlar ekildi va bu ishlar davom etmoqda. Yangi massiv qurilishining boshlanishi marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so`zga chiqib, noyob loyiha doirasidagi bunyodkorlik ishlari aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilishini alohida ta`kidladi.
–Bugun Farg`ona viloyati hayotida tarixiy kun, – deydi viloyat hokimi. –Katta maqsadlar va yuksak marralarni ko`zlagan holda ko`p qavatli uylar qurilishiga kirishilmoqda. Birinchi bosqichda 80 ta ko`p qavatli uylarni bunyod etishni rejalashtiryapmiz. Ikki yilda ekoshaharning qurilishini yakunlamoqchimiz. Bu erdagi har bir ishning o`z egasi bor. Tasavvur qiling ikki yilda mana shu 300 gektarlik dasht maydon o`rnida ko`p qavatli uy-joylar, “Yangi O`zbekiston” bog`i, maktab, poliklinika, qo`yingki, barcha infratuzilmaga ega shaharcha paydo bo`ladi. Qolaversa, loyiha oddiy emas. Prezidentimizning topshirig`i asosida Janubiy Koreya tajribasi asosida bu shaharchaning loyihasi ishlab chiqildi. 7, 9, 12, 25-qavatli uylarning narxini aholiga maqbul keladigan qilib belgilayapmiz. Shuningdek, bu erda barcha infratuzilma yaratiladi.
Marosimda Qur`on tilovat qilinib, yaxshi niyatlar bilan duo-fotihalar qilindi. Shundan so`ng qurilish ishlariga start berilib, dastlabki bino poydevoriga kelajakka bitilgan maktub solingan kapsula joylashtirildi.






