Prezidentimizning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko`lamini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.
Unga ko`ra, quyidagilar aholiga ko`rsatilayotgan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning eng muhim yo`nalishlari etib belgilandi.
- akademik Yo. To`raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Markaz) – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari o`rtasida tizimli uzviy bog`liqlikni ta`minlash;
- sog`liqni saqlash tizimining birlamchi bo`g`inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish. Bunda:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va ommaviy axborot vositalari orqali aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzi, to`g`ri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targ`ib etish;
- oilaviy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali kasallikni barvaqt aniqlash va oldini olish ko`lamini kengaytirish;
- tuman (shahar) tibbiyot muassasalari tor soha mutaxassislari faoliyatiga endokrin kasalliklarni erta tashxislash, asoratlarining oldini olish algoritmlarini joriy qilish;
- qandli diabetga chalingan bemorlarning zamonaviy dispanser nazorati (onlayn registr) tizimini joriy etish orqali har bir bemor holatining monitoringini yuritish;
- aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo`lgan guruhlari, jumladan, bolalar, o`smirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul ta`minlash orqali yod tanqisligi kasalliklarining samarali profilaktikasini ta`minlash;
- “Profilaktika maktablari”ga tor soha mutaxassislarini jalb etgan holda bemorlar va ularning oila a`zolariga endokrin kasallikni boshqarish usullarini hamda kasallik bilan yashashni o`rgatish;
- tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovasion usullarini joriy etish orqali hududlarda va Markazda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish;
- endokrinologiya yo`nalishida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, soha xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirish.






