Avval xabar qilganimizdek, Prezident raisligidagi videoselektor yig`ilishi boshlandi. Yig`ilish kun tartibida davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari qamrab olinadi.
Prezident Matbuot kotibining xabar berishicha, yig`ilish avvalida Davlatimiz rahbari Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga to`xtalgan.
"Hammangiz xabardorsiz, o`tgan yili saylovoldi dasturi doirasida hududlarga tashriflarda “Inson qadri uchun” tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik.
“Davlat – inson uchun” degan ezgu g`oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik. Ushbu strategiyada:
- yaqin va o`rta istiqbolda O`zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari qanday bo`ladi?
- kelgusidagi faoliyatimizni belgilaydigan aynan qaysi maqsad va vazifalar biz uchun eng dolzarb va ustuvor hisoblanadi?
- davlat va jamiyat hayotining barcha jabha va yo`nalishlarini kompleks rivojlantirish uchun asosiy e`tiborni nimalarga qaratishimiz kerak?
- keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarimiz, dastur va rejalarimizni yangi davrda qanday davom ettirishimiz, ularga qanday qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritishimiz kerak, degan savollarga chuqur va atroflicha javob berilgan", - degan Prezident.






