Urganchda 41 yoshli fuqaro spirtli ichimlikka ruju qo`yishi oqibatida odam o`ldirish jinoyatini sodir etgan.
Sudlanuvchi Q.S. (shartli o`zgartirilgan) Urganch tumanida 1980-yilda tug`ilgan, o`rta ma`lumotli, turmush o`rtog`i bilan ajrashgan, 1 nafar farzandning otasi. Mahalladoshlarning ko`rsatmasiga ko`ra ayblanuvchi muntazam spirtli ichimlik ichib, janjal ko`tarib qo`shnilarining ham tinchligini buzib kelgan.
Jinoyat sodir bo`lgan kuni Q.S. soat kechgi 8 da o`zining yashash uyi oldida mast holatda turganida tanish R.A.ni ko`rib, unga spirtli ichimlik olib berishini talab qilish bahonasida o`zaro janjallashib, uyi oldidagi yog`ochlar orasidan 1 metr uzunlikdagi yog`och bo`lagini olib, R.A.ning orqa tomoni elka qismiga bir marotaba urgan R.A. uning tajovuzidan qutilish maqsadida ko`cha boshiga qarab qochganida ortidan borib, qo`lidagi yog`och bo`lagi bilan elkasidan urib erga yiqitib, bosh qismiga bir necha marotaba qasddan urib, o`ldirgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko`ra, o`limga bosh miya ochiq jarohati, peshona suyagining ochiq sinishi, boshni yumshoq to`qimalari, bosh miya yumshoq va qattiq pardalari ostiga qon quyulishi va boshqa hayoti uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohatlari sabab bo`lgan. Shuningdek, sud-biologiya ekspertizasida sudlanuvchining kiyimi va yog`och bo`lagidagi qon dog`lari marhumga tegishliligi isbotlangan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Urganch tuman sudida ko`rilgan ishda sudya mastlik holatida jinoyat sodir qilinganligi jazoni og`irlashtiruvchi holat deb, sudlanuvchi aybiga qisman iqrorligi va qilmishiga chin ko`ngildan pushaymonligini, oilaviy va moddiy ahvoli, qaramog`ida ruhiy kasal onasi va 1 nafar voyaga etmagan farzandi borligini, oilasida yagona boquvchi ekanligini jazoni engillashtiruvchi holatlar sifatida baholab hukm qildi. Unga ko`ra Q.S. JKning 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tashlik belgilangan.






