AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Turkiya ta`lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda

'O`zbekiston va Turkiya ta`lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda'ning rasmi

24 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasi Oliy ta`lim Kengashi raisi E.Uzvar boshchiligidagi mazkur Kengash rahbariyati vakillaridan iborat delegasiyani qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda

Uchrashuvda, shuningdek, Turkiya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekar va Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv chog`ida oliy ta`lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiyaning etakchi ta`lim muassasalari ishtirokida O`zbekistonda O`zbek-Turk Universitetini tashkil etishni jadallashtirish chora-tadbirlari ko`rib chiqildi. Tegishli kelishuvga 2020 yilning avgustida O`zbekiston hukumati delegasiyasining Anqara shahriga tashrifi chog`ida erishilgan edi. Tomonlar ushbu yo`nalishdagi navbatdagi tadbirlarni belgilab, mavjud masalalar yuzasidan yaqin istiqbolda kelishishga qaror qildilar.

Ta`lim sohasida hamkorlikda erishilgan boshqa muvaffaqiyatlar ham qayd etildi. Xususan, Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent filiali va Buxoro Davlat tibbiyot instituti qoshida tashkil qilingan Turkiya tibbiyot fanlari universitetining fakulteti muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga o`zaro tayyorlik bildirildi, shu munosabat bilan Turkiyaning etakchi ta`lim muassasalarining O`zbekiston hududlarida muhandislik, san`at, tibbiyot, qishloq xo`jaligi va turizm kabi sohalarda yangi filiallarini tashkil qilish imkoniyatlari ko`rib chiqildi. Shuningdek, professor-o`qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi bo`yicha hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan, ilmiy tadqiqotchilarning malakasini yuksaltirish hamda talabalarning bilim va ko`nikmalari darajasini oshirish, shuningdek, ikki mamlakat oliy o`quv yurtlari o`rtasida ma`ruza, amaliy mashg`ulotlar, interfaol seminar-treninglar tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kuchaytirish bo`yicha qo`shimcha takliflar almashdilar hamda kelishilgan dastur va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Boshqa yangiliklar