Xabaringiz bor, joriy yilning 24 yanvaridan bir oy muddatga umumta`lim maktablarida o`quv jarayoni “onlayn” shaklga o`tkazildi, o`qituvchilar maktablarda o`zlarining lavozim majburiyatlari bilan bog`liq faoliyatni davom ettirishlari belgilandi. Shundan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda o`qituvchilardan bolalar maktabga kelmasligi sababli maktablarda isitish tizimi o`chirib qo`yilishi yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.
Shularni inobatga olgan holda Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Ibrohim Jo`raev maktablarda issiqlik ta`minotini uzluksizligini ta`minlash yuzasidan ZOOM platformasi orqali hududlardagi mas`ullar bilan videokonferensiya orqali tezkor yig`ilish o`tkazdi.
Vazir o`rinbosari hududlarga maktablarda ish faoliyatini amalga oshirayotgan o`qituvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko`rish bo`yicha ko`rsatma berdi. Jumladan barcha maktablar kuz-qish mavsumiga tayyorligi, sinf xonalarini isitishga barcha zarur vositalar mavjudligi bois maktablarda isitish tizimini uzluksizligini ta`minlashga viloyat boshqarma boshliqlariga shaxsan mas`ul ekanliklari qayd etildi.
Shu o`rinda Xalq ta`limi vazirligi o`qituvchilarda agar maktabda issiqlik tizimi bilan bog`liq muammo mavjud bo`lgan taqdirda vazirlikning hududlardagi shtablariga hamda @maktab_uzedubot boti orqali murojaat qilish mumkinligini eslatib o`tadi.






