AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida 238 nafar kishi halok bo`lgan – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

'O`zbekistonda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida 238 nafar kishi halok bo`lgan – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzaeva ishtirokida brifing bo`lib o`tdi. Unda vazirlikning Davlat mehnat huquq inspeksiyasi faoliyati xususida ma`lumot berildi.

Ta`kidlanishicha, O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi xavfsiz mehnat sharoitlarini ta`minlashda, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishda, majburiy mehnatga yo`l qo`ymaslikda va unga to`liq barham berishda, mehnat munosabatlari doirasida xodimlar va ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam beradi.

Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga 2021 yil davomida mehnat munosabatlariga oid jami 24 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo`lib, shundan, 14 ming 455 tasi qanoatlantirilgan, 8 ming 784 tasiga tushuntirish berilgan. Shuningdek, 16 ming 105 ta tashkilot va korxonalarda o`rganishlar o`tkazilgan va mehnat sohasiga oid 11 ming 963 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

2021 yil davomida ishlab chiqarish sohasi bilan bog`liq 54 ta baxtsiz hodisa sodir bo`lgan. Shulardan 198 ta baxtsiz hodisa oqibati o`lim bilan tugagan. Xususan, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar natijasida 907 kishi jarohatlangan, ulardan 238 nafari halok bo`lgan.

Baxtsiz hodisalarni tekshirish natijasi bo`yicha 596 nafar aybdor mansabdor shaxs jami 1 milliard 380 million 900 ming so`m jarima qo`llash tartibi bo`yicha ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, 199 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan.

O`tkazilgan tekshirishlar davomida 20 mingga yakin mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan. Shu bilan birga, 1 ming 970 nafar aybdor shaxsga jami 3 milliard 340 million so`m miqdorida jarima qo`llangan.

Ko`rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan mamlakatimizda majburiy mehnatga yo`l qo`yilgan. Murojaatlarga ko`ra, paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid 146 ta murojaat kelib tushgan.

Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud organlariga 1 ming 338 ta da`vo arizalar kiritilgan bo`lib, 269 tasi ishga tiklash yuzasidan, 65 tasi ishga qabul qilish majburiyatini yuklash bo`yicha, 931 tasi ish haqi va boshqa to`lovlarni undirish yuzasidan, 73 tasi tovon pulini undirish haqidagi murojaatlardir.

Da`vo arizalarining 976 tasi qanoatlantirilgan, jami 7 milliarddan ortiq ish haqlari va boshqa to`lovlar undirib berilgan.

    Boshqa yangiliklar