AsosiyJamiyat

Rossiyada og`ir tan jarohati olgan fuqaro O`zbekistonga qaytarildi

'Rossiyada og`ir tan jarohati olgan fuqaro O`zbekistonga qaytarildi'ning rasmi

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga Xorazm viloyatidan fuqaro K.B.ning Rossiya Federasiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida og`ir tan jarohati olgan turmush o`rtog`i B.M.ni O`zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so`rab murojaati kelib tushgan.

Mazkur murojaat arizasi bo`yicha Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan o`rganish ishlari olib borilganda, fuqaro B.M. 2019 yilning may oyida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiyaga ketganligi, 2021 yilning noyabr oyida balandlikdan yiqilib, umurtqa pog`onasidan og`ir tan jarohati olganligi aniqlandi.

Bugungi kunda fuqaro mustaqil harakatlana olmasligi va mehnat qilish qobiliyatini yo`qotganligi, davolanish jarayonini davom ettirish maqsadida O`zbekistonga qaytishda amaliy yordam so`ragan.

Fuqaroning pasporti yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli Vakolatxona xodimlarining sa`y-harakatlari natijasida mamlakatimizning Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Vatanga qaytish guvohnomasi kommissiya to`lovlarisiz, qisqa fursatlarda  tayyorlab berildi.

23 yanvar kuni fuqaro B.M. shifokor nazoratida Moskva – Toshkent aviareysi orqali Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan O`zbekistonga olib kelindi.

Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`sul xodimlari va  fuqaroning yaqin qarindoshlari kutib oldi. Yaqin qarindoshlari hamrohligida Xorazmga kuzatib qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar