Joriy yil 15 yanvardan mamlakatimizga kirib keluvchilar uchun xalqaro aeroportlar, temir yo`l vokzallari va chegara punktlarida ekspress-antigen test topshirish tartibi joriy qilinganidan xabaringiz bor.
Ayni paytda bu amaliyot yangi shtamm keng tarqalishining oldini olish va kasallikni o`z vaqtida hamda tezkor aniqlash imkonini bermoqda.
Xususan, kecha “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali yurtimizga kelgan 3480 nafar yo`lovchidan test sinamalari olindi. Natijada ulardan 66 nafarida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu bemorlar kasallikning kechishiga ko`ra, uy sharoitida va mehmonxonalarda davolanishga yo`naltirildi.
Ambulator sharoitida muolaja oladigan fuqarolarga aeroportning o`zida 4 xildagi bepul dori-darmon vositalari berilmoqda.






