Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish agentligi axborot xizmati rahbari Gulisora Ergasheva ma`lum qildi.
Joriy yil 19 yanvarda qabul qilingan “Xorijiy tillarni o`rganishni takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” gi 34-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili tuman (shahar)dagi maktablarni xorijiy tillarni o`qitish uchun zarur bo`lgan adabiyotlar, asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta`minlash uchun mahalliy byudjetlardan 1 mlrd so`mdan kam bo`lmagan miqdorda ajratilgan mablag`lar Agentlik bilan kelishilgan manzilli dasturlar asosida sarflanadi.
Shuningdek, 2022 yil 1 mayga qadar:
Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan xalqaro tan olingan baholash tashkilotlari bilan hamkorlikda pedagog kadrning malaka toifasini olish bo`yicha chet tili fani o`qituvchilarining malaka sinovlarida tinglab tushunish, o`qish, yozish hamda gapirish til ko`nikmalarini baholash tizimi ishlab chiqiladi;
Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tillarni bilish va xorijiy til o`qituvchilarining malaka va ko`nikmalarini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning Yagona elektron bazasini ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.
Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalq ta`limi vazirligining S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o`qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab ikki yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustama to`lash tartibini 2022 yil 1 fevraldan boshlab joriy etiladi.






