AsosiyJamiyat

“Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligiga start beriladi

'“Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligiga start beriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta`minlash masalalari bo`yicha komissiyasining Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta`minlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar rejasida 2022 yilda “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligini tashkil etish va o`tkazish belgilangan edi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi hamda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Unda bir qator vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, mahalliy kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo`yicha doimiy komissiyalari raislari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo`yicha maslahatchilari ishtirok etdi.

Haftalikni o`tkazishdan ko`zlangan maqsad iqtisodiyot tarmoqlarining turli yo`nalishlarida ixtirochilik va rasionalizatorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan, ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan iqtidorli xotin-qizlarni izlab topish, loyihalarini targ`ib etish, iqtidori va ularning yangi qirralarini kashf etish, mutaxassis xotin-qizlar, talaba va o`quvchi qizlar orasida sog`lom raqobat muhitini vujudga keltirish, tashabbus va intilishlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashdan iborat.

Yig`ilishda haftalikni joylarda yuqori saviyada tashkil etish, turli tanlovlar, xotin-qizlar forumlari, ko`rgazma va o`quv seminarlari, motivasion psixologik-treninglar hamda davra suhbatlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, olima ayollar, o`qituvchi, ixtirochi, rasionalizator, muhandis, loyihachi, dasturchi, shifokor, farmasevt, tadbirkor, hunarmand, agrar va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassis xotin-qizlar, talaba va o`quvchi qizlar o`rtasida samarali ilmiy-ijodiy aloqalarni yo`lga qo`yish, innovasion loyihalarini qo`llab-quvvatlash, respublikamizning barcha hududida 100 nafardan ixtirochi ayollarini aniqlab, ular bilan istiqbolda manzilli va maqsadli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Muhokamalar so`nggida ishtirokchilar tomonidan haftalikni tashkil etish bo`yicha ishlab chiqilgan Nizom loyihasi uchun qator taklif va mulohazalar bildirildi.

    Boshqa yangiliklar