AsosiyJamiyat

Xorazmdagi “Yangiariq” poligoniga Hindiston harbiy delegasiyasi tashrif buyurdi

'Xorazmdagi “Yangiariq” poligoniga Hindiston harbiy delegasiyasi tashrif buyurdi'ning rasmi

2022 yilda o`tkazilishi rejalashtirilgan “Do`stlik-2022” birgalikdagi o`zbek-hind o`quvini muvofiqlashtirish maqsadida Hindiston harbiy delegasiyasi Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g`arbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqo`shin poligoniga tashrif buyurdi. Bu haqda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig`i Darakchi.uz'ga ma`lum qildi.

Ta`kidlanishicha, bugungi kunda O`zbekiston ko`plab etakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o`rnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Jumladan, qayd etilishicha, 2019 yildan  O`zbekiston hududida o`zbek-hind hamkorligida o`tkazilgan “Do`stlik–2019” taktik o`quv mashg`ulotlari Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operasiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilg`or tajribalar bilan almashish imkonini yaratdi.

"Hamkorlikdagi mashqlar 2021 yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” o`quv markazida o`tkazilgan bo`lib, unda terrorizmga qarshi kurashish va jangovar o`quv operasiyalarda ishtirok etish orqali ikki davlat o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga erishildi",-deyiladi xabarda.

Shuningdek, Hindistonning O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasining harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand hamda Hindiston qurolli kuchlari birlashgan shtabi vakillari polkovnik Rakesh Sharma va mayor Mudassar Javiad Vani tarkibidagi delegasiya vakillari “Yangiariq” umumqo`shin poligoni hududida kelgusi yilda rejalashtirilayotgan “Do`stlik-2022” birgalikdagi o`zbek-hind o`quvini o`tkazish hamda Hindiston harbiy kontingentining O`zbekistonga kelishi bilan bog`liq masalalarni muhokama etgan.

"O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi ishtirok etgan mazkur uchrashuvda ikki mamlakat vakillarining qo`shimcha takliflari e`tiborga olinib, ikki davlat harbiylari ishtirokida sport va madaniy tadbirlarni ham tashkil etish bo`yicha tavsiyalar rejaga kiritildi.

Shundan keyin mehmonlar, shu yilning avgust oyida qayta rekonstruksiya va kapital ta`mirdan chiqqan “Yangiariq” umumqo`shin poligonidagi sharoitlar, ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob`ektlari, o`quv markazining imkoniyatlari hamda rejalashtirilgan hamkorlik mashg`ulotlarini olib borish hududi bilan yaqindan tanishishdi",-deya ma`lum qiladi Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig`i.

    Boshqa yangiliklar