Prezidentning 2020 yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo`llab quvvatlashga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, ayni paytda maktabgacha ta`lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hamda umumta`lim maktablarining 1-sinf o`quvchilari grippga qarshi emlanmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qilishicha, shu maqsadda joriy yilning avgust oyidan oktyabr oyigacha 3 705 588 doza grippga qarshi vaksina olib kelingan.
Shuningdek, kasallanish holatlari ortishi sababli, hukumat tomonidan O`zbekistonga 2 million doza “Grippol plyus” vaksinasi keltirilgan. Rossiyada ishlab chiqarilgan ushbu preparatning samaradorligi xalqaro darajada e`tirof etilgan.
3 dekabr holatiga ko`ra, mamlakatimiz bo`ylab tashkil etilgan emlash punktlarida 1 324 185 nafar MTT tarbiyalanuvchisi, 671 852 nafar 1-sinf o`quvchisi grippga qarshi emlangan.
Shunday qilib, jami 1 996 037 nafar bola grippga qarshi vaksina olgan.
SSV aksariyat hollarda oddiy kasallik deb hisoblagan gripp hayot uchun katta xavf tug`dirishi, hatto og`ir asoratlarga olib kelishi mumkinligini hisobga olib, yurtdoshlarimizni bu jarayonda yanada faol bo`lishga chiqirmoqda.






