AsosiyJamiyat

Homilador ayollarning “dekret puli”ni davlat byudjetidan to`lash taklif qilindi

'Homilador ayollarning “dekret puli”ni davlat byudjetidan to`lash taklif qilindi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi qonun loyihasi, shuningdek, ushbu hujjat bilan birga taqdim etilgan 2022–2024 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari ko`rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zXDP fraksiyasi a`zosi Ulug`bek Vafoevga ko`ra, XDP fraksiyasi loyihani ma`qullagan holda qator masalalarga e`tibor qaratish lozim, deb hisoblaydi. 

— Jumladan, bugungi kunda byudjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug`ish nafaqasi davlat tomonidan to`lanmoqda. Nodavlat tashkilotlarda bunday nafaqa ish beruvchilar tomonidan to`lanishi belgilangan. Ammo amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi bu majburiyatni bajarmayapti. Bu esa nobyudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo`lmoqda. Shu bilan birgalikda, ish bilan band bo`lmagan ayollarga ushbu nafaqalar to`lanmaydi. Mazkur holatlar keng jamoatchilikning savol va mulohazalariga sabab bo`lmoqda.

Fraksiyamiz fikricha, barcha ayollar uchun homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat`i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to`lanishi lozim. Buni amalga oshirishning eng ishonchli va maqbul yo`li nafaqaning davlat tomonidan to`lanishi hisoblanadi. Partiyamiz deputatlari hukumatga mana shu taklifni ham berdi, - deyilgan fraksiya nomidan berilgan taklifda. 

    Boshqa yangiliklar