AsosiyJamiyat

O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimidagi qurilishlarni loyihalashtirishga turkiyalik mutaxassis rahbarlik qiladi

'O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimidagi qurilishlarni loyihalashtirishga turkiyalik mutaxassis rahbarlik qiladi'ning rasmi

Vazirlikning sog`liqni saqlash muassasalarini loyihalash bo`yicha bosh tashkiloti bo`lgan “O`ztibloyiha” MChJga turkiyalik tajribali mutaxassis Guray Kaymak direktor etib tayinlandi.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

48 yoshli tajribali me`mor sanoat arxitekturasi mutaxassisligi bo`yicha Turkiyada bakalavr, Makedoniyada  magistratura darajasini olgan.  

G. Kaymak 1993 yilda ish faoliyatini "MNG HOLDING" kompaniyasida boshlagan. Ma`lumot uchun, mazkur nufuzli shirkat mashhur Istanbul xalqaro aeroportini qurishda qatnashgan.  

Mutaxassis keyinchalik Ruminiyada qator bank binolari, Turkiyada “Bayindir tib merkezi” tomonidan quriladigan tibbiyot muassasalarini loyihalashtirishda ishtirok etgan.

U poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi binocini loyihalashtirishda ham faollik ko`rsatgan.

Uning so`nggi yillardagi loyihalaridan biri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan Namangandagi zamonaviy kutubxona binosi bo`ldi.

“O`ztibloyiha” boshqaruviga kelgan yangi rahbar zimmasiga tibbiyot yo`nalishiga oid qurilish ob`ektlarini eng ilg`or andazalardan foydalanib loyihalashtirish yuklatildi.

Shuningdek, u ilmiy-texnik konstruktorlik loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda bu borada texnik yordam ko`rsatish, innovasion texnologiyalar, ilmiy-texnik yangiliklar va nou-xaularni ishlab chiqish kabi vazifalarni bajarishga ham boshchilik qiladi.

Bundan tashqari, endilikda hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanayotgan har bir tibbiyot muassasasi loyihasi G. Kaymak boshchiligidagi “O`ztibloyiha” tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.  

 

 

    Boshqa yangiliklar